date
views 92

“Pulni ko‘paytirib beraman” deb aldagan feyk treyder Toshkentda ushlandi (video)

“Pulni ko‘paytirib beraman” deb aldagan feyk treyder Toshkentda ushlandi (video)
Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini Muhammad deb tanishtirib, minglab fuqarolarni mablag‘laridan mahrum qilgan firibgar Toshkent shahrida ushlangani haqida Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov-qidiruv departamenti Kiberxavfsizlik markazi ma’lum qildi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Namangan viloyatida yashovchi ushbu yigit odamlarga “pulingizni qisqa vaqtda bir necha barobar ko‘paytirib beraman” degan va’da bilan murojaat qilgan. U ijtimoiy tarmoqlar orqali yuzlab, aniqrog‘i — mingdan ortiq odamni ishontirgan va ulardan katta miqdorda pulni o‘zlashtirgan.

Тreyder kurslarini tugatganiga ishontirgan bu shaxs, o‘z izini yo‘qotish maqsadida turli hududlarda yashovchi fuqarolar nomiga rasmiylashtirilgan SIM-kartalar va bank kartochkalaridan foydalangan. Shunday qilib u o‘z shaxsini niqoblab, internet orqali odamlarni qo‘lga kiritgan pulga ishontirib, yangidan yangi qurbonlar topishda davom etgan.

Firibgarning qo‘liga tushganlar orasida Navoiy viloyatida istiqomat qiluvchi shaxs ham bor. U “buyurtma asosida ishlayman” degan gaplarga ishonib, 7 million so‘m pulini shaxsan o‘z qo‘li bilan topshirgan. Oradan ko‘p o‘tmay aldanganini anglab yetib, darhol huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan.

Kiberfiribgarlikda gumon qilinayotgan yigit Navoiy viloyati IIB xodimlari tomonidan tashkil etilgan tezkor tadbir natijasida Toshkent shahri hududida qo‘lga olindi. Hozirda u qonuniy tartibda javobgarlikka tortilib, unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi — “o‘g‘rilik” bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Ayni paytda mazkur ish bo‘yicha dastlabki tergov ishlari olib borilmoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar firibgarning boshqa qurbonlari ham aniqlanishi mumkinligini ta’kidlashmoqda.

Kiberxavfsizlik mutaxassislari fuqarolarni begona shaxslarga shaxsiy ma’lumot va moliyaviy resurslarni ishonib topshirmaslikka, internetda shubhali “investitsiya” va’dalariga uchmaslikka chaqirmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Pulni ko‘paytirib beraman” deb aldagan feyk treyder Toshkentda ushlandi (video)