date
views 468

Samarqanddagi AYOQSHda sodir bo‘lgan portlash yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot (video)

Samarqanddagi AYOQSHda sodir bo‘lgan portlash yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot (video)
Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanidagi avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasida sodir bo‘lgan dahshatli portlash natijasida qurbonlar soni afsuski 3 nafarga yetdi. Bu haqda Milliy telekanaliga tayangan holda xabar berilmoqda.

Fojiali hodisa 7 may kuni tushdan keyin soat 15:06 da Kattaqo‘rg‘on tumani Qo‘shtepa mahallasida joylashgan avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasi hududida ro‘y bergan. Hajmi 10 kub metr bo‘lgan ikkita solyarka saqlovchi sig‘imdan «ZIL» rusumli yuk mashinasiga yoqilg‘i quyilayotgan paytda kutilmaganda kuchli chaqnash sodir bo‘lgan.

Achinarlisi, bu portlash natijasida shoxobcha rahbari va operatori voqea joyida halok bo‘lgan, yuk mashinasi haydovchisi esa og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonaga yetkazilgan. Biroq ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan, haydovchi ham 9 may kuni shifoxonada vafot etdi.

Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi matbuot kotibi Hamidullo Sag‘dillayevning ma’lum qilishicha, mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 259-moddasi (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) ikkinchi qismi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov organlari hodisaning aniq sabablarini va aybdor shaxslarni aniqlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.

Hodisa sabablarini aniqlash maqsadida maxsus komissiya tuzilib, hududda xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Shuningdek, boshqa yoqilg‘i quyish shoxobchalarida ham xavfsizlik tekshiruvlari amalga oshirilmoqda.

Zamin.uz tahririyati ushbu mudhish voqeadan jabr ko‘rganlarning oila a’zolariga ta’ziya bildiradi va tergov natijalaridan o‘z o‘quvchilarini boxabar qilib boradi.

Foto: Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Samarqanddagi AYOQSHda sodir bo‘lgan portlash yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot (video)