date
views 108

Yunusobodda selfi fojiaga aylandi: poyezd ustida suratga tushmoqchi bo‘lgan bolalarni tok urdi

Yunusobodda selfi fojiaga aylandi: poyezd ustida suratga tushmoqchi bo‘lgan bolalarni tok urdi
Toshkent shahrining Yunusobod tumanida ikki o‘smirning xavfli selfi olishga bo‘lgan harakati fojiali yakun topdi. «Millar» telekanali xabar berishicha, voqea tuman hududidan o‘tuvchi temiryo‘l yo‘nalishida sodir bo‘lgan.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, ikki o‘smir qiziqish ortidan vagon tepasiga chiqib suratga tushmoqchi bo‘lgan. Ammo ulardan biri yerdan taxminan bir metrcha yuqoriga ko‘tarilganida, yuqori kuchlanishli elektr toki ta’sirida kuchli portlash sodir bo‘lgan va o‘smirni alanga qamrab olgan. Jarohat olgan bola vagonning yonidagi temir zinadan osilib qolgan.

Hodisa guvohlari zudlik bilan tez tibbiy yordamni chaqirgan. Voqea joyiga kelgan tibbiyot xodimlari jabrlangan ikki o‘smirni shifoxonaga olib ketishgan. Ularning biri yengilroq jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan bo‘lsa, ikkinchi o‘smirning ahvoli o‘ta og‘ir deb baholanmoqda va u hozirda jonlantirish bo‘limida davolanmoqda.

Mazkur holat bo‘yicha mutasaddi idoralar tergov ishlarini boshlagan. Hodisaning kelib chiqish sabablari va uning qanday yuz bergani bo‘yicha aniq tekshiruvlar olib borilmoqda.

Mutaxassislar va huquqni muhofaza qiluvchi organ vakillari yoshlar va o‘smirlarni temiryo‘l hududida xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilishga chaqiradi. Chunki yuqori kuchlanishli elektr toki o‘ta xavfli bo‘lib, hatto vagon tepasiga to‘g‘ridan to‘g‘ri tegmasdan ham inson hayotiga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.

Zamin.uz tahririyati ushbu voqeaning tafsilotlarini kuzatib, qo‘shimcha ma’lumotlarni o‘z vaqtida o‘quvchilarga yetkazib boradi. Shu bilan birga, ota-onalar va o‘qituvchilardan bolalarga xavfsizlik masalalarida jiddiy tushuntirish ishlarini olib borishlarini yana bir bor iltimos qilib qolamiz.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yunusobodda selfi fojiaga aylandi: poyezd ustida suratga tushmoqchi bo‘lgan bolalarni tok urdi