
O‘zbekistonda har bir maktab bitiruvchisi uchun esda qolarli qo‘shiq mavjud – bu, albatta, “Setora” guruhi va Ravshan Sobirov ijrosidagi “Xayr, maktabim” asari. Ushbu qo‘shiq 25 yil davomida minglab o‘quvchilar uchun his-tuyg‘ular bilan yo‘g‘rilgan xotiraga aylandi. Ilk marta 2000 yilning 25 may kuni omma e’tiboriga havola qilingan bu tarona, maktab bilan xayrlashish lahzalarini har yili yuz minglab bitiruvchi bilan yanada chuqurroq his qilishga yordam bermoqda.
Qo‘shiq qanday yaratilgan edi?
Qo‘shiq g‘oyasi 2000 yili “Tarona Rekords” asoschisi Ravshan Yo‘ldoshev tomonidan ilgari surilgan. U respublikaning taniqli bastakori Husan Sodiqovga maktab bitiruvchilariga bag‘ishlangan qo‘shiq yaratishni taklif qilgan. Hasan aka bu vazifani jiyani Ravshan Sobirov bilan gastrol safarlaridan birida bajargan. Qo‘shiqning ilk musiqa asosini sozanda Odiljon Mahmudov sintezatorda ijro etgan, so‘ng gitara solasi “Bolalar” guruhidan Vagif Zokirov tomonidan to‘ldirilgan.
“Tabiiylik va samimiyat – asosiy ruh”
Klip suratga olish rejissyori sifatida Bahodir Yo‘ldoshev tanlangan. Ikki kun mobaynida poytaxtdagi 145-maktabda tasvirga olingan klipda aktyorlik ssenariysiz, hayotiy tabiiylik asos qilingan. “Setora” guruhi a’zolariga maktab formasi xonanda Lolaning onasi Gulnora Yo‘ldosheva yordamida topilgan. Guruh vakillaridan biri Kamila Xo‘jayevaning aytishicha, klipning muvaffaqiyatli chiqishi asosan samimiyat va qo‘shiqdagi hayotiy ruh tufayli bo‘lgan.
Musiqiy va she’riy uyg‘unlik
Qo‘shiq bastalgandan so‘ng, shoir Bobur Bobomurodga she’r yozish topshirilgan. Biroq yozilgan she’r musiqa bilan uyg‘unlashmagani bois, boshqa yo‘l tanlandi. Husan Sodiqov “25 may — bahorning oxirgi kuni, shu bilan bolalik tugaydi” degan g‘oyani ilgari surib, qo‘shiqning ilk misralarini o‘zi yozgan.
Madhiya maqomidagi qo‘shiq
Qo‘shiq “Turkiston” san’at saroyida bo‘lib o‘tgan konsertga tayyorgarlik paytida shoshilinch tarzda yaratilgan bo‘lsa-da, tez orada mamlakat miqyosida bitiruvchilarning madhiyasiga aylandi. Radio va televideniyeda yana va yana tinglash so‘ralgan qo‘shiq haqiqiy el ardog‘idagi asarga aylandi.
Qayta ijro va bitmas sevgi
2015 yili “Setora” guruhi a’zosi Leyla va Ravshan Sobirov qo‘shiqni qayta ijro etishdi. Guruhning boshqa a’zolari buni ijobiy qabul qilgan. Ularga ko‘ra, “Xayr, maktabim” qo‘shig‘i har doim yangilanib, har bir avlodning xotirasida yashaydigan arzandali kuy bo‘lib qoladi.
Siz ham “Xayr, maktabim” qo‘shig‘ini tinglagan paytda maktab devorlari, sinfdoshlaringiz va og‘ushli maktab davringiz ko‘z oldingizdan o‘tadimi? “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing