
O‘zbekistonning bir qator hududlarida yerlarni noqonuniy yo‘llar bilan katta miqdordagi mablag‘lar evaziga sotib, daromad orttirmoqchi bo‘lgan shaxslarning faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati matbuot xizmati xabar tarqatmoqda.
Xususan, Xorazm viloyati Xiva shahrida bog‘dorchilik yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatayotgan mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari, o‘z korxonasiga tegishli bo‘lgan 19,9 gektar yerni soxta ma’lumotlar bilan 30 gektar deb ko‘rsatib, uni mansabdor tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 120 ming AQSH dollari talab qilgan. Bundan tashqari, mazkur yerning 80 sotix qismida ko‘p qavatli turar-joy qurilishiga ruxsat olib berish uchun yana qo‘shimcha 60 ming dollar, jami 180 ming dollar so‘ragan vaqtda Davlat xavfsizlik xizmati va Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan tezkor tadbir o‘tkazildi va jinoyatchi pul bilan ashyoviy dalillar orqali ushlandi.
Shuningdek, Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida ham shunga o‘xshash holat kuzatildi. Kadastr agentligining Qo‘qon shahar bo‘limi yetakchi inspektori dehqonchilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaligiga 2024 yilda viloyat hokimligi orqali 5,8 gektar sug‘oriladigan yer ajratilishiga yordam berganini iddao qilib, mansabdor shaxslarga «ulush» berish kerakligini bahona qilib, fermerning ish yurituvchisidan 150 ming AQSH dollari talab qilgan. Mazkur noqonuniy harakat Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hamkorlikda o‘tkazgan amaliyoti natijasida to‘xtatildi.
Toshkent viloyatida esa yanada qiziqroq holat qayd etildi. Angren shahrida yashovchi 1987 yilda tug‘ilgan, avval ham bir necha marta sudlangan shaxs shahar hududidagi bog‘dorchilik uchun mo‘ljallangan 18 sotix yer maydonini va unga tutash bo‘lgan Ohangaron o‘rmon xo‘jaligiga qarashli 2 gektar yer maydonini 100 ming dollarga sotishini va yana 21 ming dollarga kadastr xodimlari orqali hujjatlarni rasmiylashtirib berishini va’da qilgan. U so‘ralgan jami 121 ming dollarni olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.
Surxondaryo viloyatida ham yer sotish bilan bog‘liq navbatdagi noqonuniy holat fosh etildi. “To‘palang-Qoratog‘” Irrigatsiya tizimlari boshqarmasiga qarashli To‘palang gidrouzeli xodimi Sariosiyo tumanidan oqib o‘tadigan daryo va kanal muhofaza hududidan 32 sotix yer maydonini 73,5 ming dollarga shaxsiy mulk sifatida xaridor nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. U bu ish uchun 70 ming AQSH dollari va 39 million so‘m pulni olgan paytida Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qo‘lga tushdi.
Avvalroq ham Farg‘ona viloyatida bir fuqaro 2,5 gektar yer maydonini 650 ming dollarga noqonuniy sotishga kelishib, 100 ming dollarni olgan vaqtida ushlangan edi. Shuningdek, Toshkent viloyati Ohangaron tumanida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan 32 gektar yerni 2,4 million dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxsning noqonuniy rejasi ham barbod qilingan.
Bundan tashqari, Surxondaryo viloyatida yana bir shaxs qishloq xo‘jaligi uchun ajratilgan 45 sotix yer maydonini 60 ming dollarga sotishga kelishib, 56,7 ming dollar va 43 million so‘m olganida ushlandi. Xorazm viloyati Urganch tumanida davlat zaxirasiga qarashli 24 sotix yer maydonini kadastr orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish uchun 45 ming dollar va 13 million so‘m olgan fuqaro ham tegishli organlar tomonidan qo‘lga olingandi.
Hozirda yuqoridagi barcha holatlar bo‘yicha jinoiy ishlar ochilgan va tergov harakatlari davom etmoqda. Mutasaddilar aholini yer bilan bog‘liq noqonuniy bitimlarga yo‘l qo‘ymaslik va bunday holatlarga duch kelganda darhol huquq-tartibot idoralariga murojaat qilishga chaqirmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar