
Buxoroda yuzaga kelgan navbatdagi og‘riqli voqea ko‘plab insonlarning ishonchini suiste’mol qilgan yosh tadbirkor haqida. Vobkent tumanida tug‘ilgan, 22 yoshga ham to‘lmagan Sh.I. o‘z qishlog‘ida havas uyg‘otgan yosh tadbirkor sifatida tanilgan edi. U tashkil qilgan «WTI» nomli MCHJ orqali odamlarni Angliyaga ishga jo‘natish va’dasi bilan yirik miqdordagi pullarni o‘zlashtirib kelgani ma’lum bo‘ldi.
Yosh rahbar o‘zini ishonchli tashkilot sifatida ko‘rsatish maqsadida, kompaniyasi ofisini Buxoro shahridagi savdo majmuasida ochib, eshik peshtoqiga «Angliyaga ishga joylashing, pulga ega bo‘ling!» degan shiorni ilib qo‘ygan. Bu shior fuqarolarni o‘ziga tortishi va ko‘pchilikni umidlantirishi tabiiy hol edi.
Ammo kompaniya faoliyati uchun kerakli bo‘lgan, ya’ni fuqarolarni chet elga ishga yuborish litsenziyasiga ega emasdi. Shunga qaramay, u 23 nafar fuqaroning har biriga Angliyadagi “mukammal” ish joyi haqida va’da berib, o‘rtacha har biridan minglab dollarlarni olgan.
Ko‘p o‘tmay, aldangan fuqarolarning qo‘ng‘iroq va talablari ko‘paygan: “Aka, olti oydan oshdi, qayerda qoldi Angliya?”, “Yo‘qsa ustingdan arz qilamiz!”. Ammo firibgar o‘z “ishini” davom ettirgan. Jalb etilgan boshqa shaxslar orqali ham pul yig‘ishda davom etgan.
Fuqaro O.J.ning shikoyatidan so‘ng huquq-tartibot organlari surishtiruv ishlarini boshlab, firibgarning kirdikorlarini fosh etishdi. Sud-tergov jarayonida barcha holatlar o‘z tasdig‘ini topdi.
Natijada, sud tomonidan Sh.I. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi, 3-qismi “b” bandi (firibgarlik, yirik miqdorda) bilan 6 yilga ozodlikdan mahrum etildi.
Bu voqea yana bir bor isbotlaydiki, xorijga ishga jo‘natish bilan bog‘liq va’dalarga yugurmasdan avval, har qanday tashkilotning huquqiy maqomini, litsenziyasi va ishonchliligini sinovdan o‘tkazish lozim. Ishonch — eng katta boylik, uni har kimga topshirmang. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar