
Ma’lumki, jinoyat jazosini o‘tayotgan shaxslarni qayta tarbiyalash, ularning shaxsiy o‘sishi va ma’naviy kamolotiga yordam berish – qonun ijodkorlarining dolzarb masalalaridan biri sanaladi. Shu maqsadda O‘zbekiston Jinoyat kodeksiga muhim o‘zgartirish kiritilishi kutilmoqda.
Yaqin vaqtlarda qonunchilikka 74-1-modda qo‘shilishi rejalashtirilmoqda. Mazkur modda mahkumlarga yangicha imkoniyat eshigini ochadi. Ya’ni:
- Har bir o‘qilgan kitob va muvaffaqiyatli topshirilgan imtihon uchun 3 kunlik jazo muddati qisqartiriladi.
- Kitoblar ro‘yxati Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan tasdiqlanadi. Unda asosan insonparvarlik, ma’naviy-axloqiy tarbiya va ijtimoiy foydali mavzularga bag‘ishlangan asarlar joy olishi kutilmoqda.
Mazkur imkoniyatdan og‘ir jinoyatlar sodir etgan yoki bir necha bor hukm qilingan shaxslar ham foydalanishi mumkin. Biroq bu borada qarorni sud organlari jabrlanuvchilarning fikrini inobatga olgan holda qabul qiladi.
Senator Burxonov mazkur yangilik haqida shunday degan: “Bu tashabbus mahkumlarni axloqan isloh qilish, ularning ma’naviy kamolotiga hissa qo‘shish maqsadida joriy etilmoqda”.
Shu bilan birga, ushbu tartib mahkumlarni kitob o‘qishga rag‘batlantirish, bilim orqali ijobiy o‘zgarishlarga erishishga undaydi. Mutasaddilar ta’kidlashicha, bunday tashabbus mahkumlarning kelgusida jamiyat hayotiga moslashuvi uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar