date

Sirtqi ta’limga “orqa eshik”dan qabul: korrupsiyaning yangi sxemasi ochiqlanmoqda

Sirtqi ta’limga “orqa eshik”dan qabul: korrupsiyaning yangi sxemasi ochiqlanmoqda
So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda sirtqi ta’limga 2-3-kursdan qabul qilishga oid shubhali e’lonlar keskin ko‘paydi, deb xabar berdi huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev. Mazkur e’lonlarda konsalting firmalari va’da qilayotgan xizmatlar orqali talabalarning qonuniylikka zid ravishda yuqori kurslarga kirishi tashkil etilayotgani ayon bo‘ldi.

Bloger va huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev ushbu muammoni o‘rganish maqsadida e’lon bergan firmalardan biriga mijoz sifatida murojaat qildi va juda ko‘p qiziq ma’lumotlarni aniqladi. Birinchi navbatda, turli xususiy firmalar 2-3-4, hatto 5-kursdan sirtqi ta’limga “qabul” qilib berishni, bunda ro‘yxatda 50 dan ortiq yo‘nalish borligini aytishadi. Mijozlarga 10 dan ortiq xususiy universitet ro‘yxati taklif etiladi — istalganini tanlash mumkin. Xizmat narxi yo‘nalishga qarab 10 million so‘mdan 30 million so‘mgacha bo‘lib, bu faqat firmaning “xarajati”; universitet kontrakt puli esa alohida to‘lanadi.

Yana bir jiddiy jihati — firmalar sizning nomingizga Rossiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston yoki Tojikistondagi oliygohlarda o‘qiyapti, degan soxta hujjat tayyorlab berishadi, lekin bu hujjatni o‘zida saqlashadi, mijozga ko‘rsatishmaydi. Keyin esa, shu “qog‘oz” bilan go‘yoki “perevod” qilganday, O‘zbekistondagi xususiy universitetning yuqori kursiga qo‘shib qo‘yishadi. Universitet shartnoma berib, kontrakt pulini to‘lasangiz bo‘ldi — siz hech qanday qiyinchiliksiz 2-, 3-, 4- yoki hatto 5-kurs talabasiga aylanasiz.

Yurist Xudoyberdiyev ta’kidlaganidek, bu jarayonga ayrim universitetlar ham aloqador bo‘lishi mumkin, chunki har qanday nufuzli oliygoh talabaning hujjatini tekshirishga majbur. Biroq yirik mablag‘lar to‘lanishi natijasida ayrim ta’lim muassasalari ushbu korrupsiyaviy sxemada ishtirok etyapti.

Eng dahshatlisi — firmalar talabani oliygohga joylab qo‘yish bilan cheklanishmaydi, balki Vazirlikning HEMIS dasturiga orqa sana bilan kiritib qo‘yishadi. Bunda mijozdan kontrakt to‘liq to‘lanishi so‘raladi.

Xudoyberdiyevning ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil boshidan 3 iyulgacha 41 812 nafar talabaning ma’lumoti HEMIS'ga kiritilgan, shundan 25 821 nafari sirtqi ta’limga qo‘shilgan. Albatta, bu holat ko‘plab savollar uyg‘otmoqda: nazorat mexanizmi qayda? Korrupsiyaga qarshi kurash haqiqiymi? “Qanaqa qilib??? Nahotki buni hech kim nazorat qilmagan???” – deya savol qo‘ygan huquqshunos.

Yurist aytishiga ko‘ra, ayrim xususiy universitetlarda 3-4-kurslarga minglab talaba “hujjatlar” bilan qabul qilingan. Bu esa hozirgi vaziyatni “oshkora jinoyat”ga aylantiryapti — ko‘z o‘ngida bo‘layotgan korrupsiyaning barchasi barcha uchun ma’lum, ammo amaliy chora ko‘rilayotgani yo‘q.

“Bu ne sir-u sinoat, o‘rtoqlar? “Oshkora qotillik qissasi”ga o‘xshab, kuppa-kunduz kuni jinoyat sodir etishsa, hammamiz tomoshabin bo‘lib turamizmi? Qiziq-ku... Juda qiziq...” – deya o‘z postini yakunlagan yurist Xudoyberdiyev.

Mazkur holat ta’lim tizimidagi shaffoflik va qonuniylik masalalari yana bir bor jiddiy e’tiborga muhtoj ekanini ko‘rsatmoqda. Axir, kelajak egalari bo‘lgan yoshlar taqdiri savdo obyektiga aylanmasligi lozim.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sirtqi ta’limga “orqa eshik”dan qabul: korrupsiyaning yangi sxemasi ochiqlanmoqda