Andijon viloyati Bo‘ston tumani hokimligida yirik korrupsiya holati aniqlandi. Davlat xavfsizlik xizmati tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, tuman hokimining investitsiya masalalari bo‘yicha o‘rinbosari hamda qishloq xo‘jaligi yo‘nalishi bo‘yicha o‘rinbosari pora olish aybi bilan qo‘lga olindi.
Ma’lum qilinishicha, mansabdor shaxslar o‘zaro til biriktirib, hududdagi fermer xo‘jaligining 500 ming dollarlik eksport majburiyatini soxta operatsiyalar orqali yopib berishni va’da qilishgan. Buning evaziga ulardan 65 million so‘m pora talab qilingan.
Davlat xavfsizlik xizmati tafsilotlariga ko‘ra, joriy yil avgust oyida qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosar avvaldan avans tariqasida 25 million so‘m pulni qo‘lga kiritgan. Qolgan 40 million so‘m esa hokimning investitsiya masalalari bo‘yicha o‘rinbosari orqali olish jarayonida ular qonun himoyachilari tomonidan ushlangan.
Ayni paytda ularga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 210-moddasi “v” va “g” bandlari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Mazkur modda oldindan til biriktirgan holda mansabdor shaxslarning ta’magirlik yo‘li bilan pora olishini nazarda tutadi. Tergov organlari ularga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasini qo‘lladi.
Korrupsiyaga qarshi olib borilayotgan kurash jarayonida shunday holatlarning fosh etilishi davlat idoralarida shaffoflik va halollikni ta’minlash yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholanmoqda. Shu bilan birga, mas’ul lavozimda ishlayotgan shaxslardan qonunga sodiq qolish va jamiyat manfaatini shaxsiy manfaatdan ustun qo‘yish talab etilishi yana bir bor yodga solindi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!