Joriy yilning 9-sentyabri kuni Toshkent viloyati Yangiyo‘l shahrida bir guruh yigitlarning o‘zaro mushtlashuvi aks etgan videolavha ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Ichki ishlar vazirligi tomonidan ushbu voqea shu zahoti nazoratga olinib, zarur tezkor qidiruv tadbirlari yo‘lga qo‘yildi.
Aniqlanishicha, 9-sentyabr soat 21:30 larda 29 yoshli yigit o‘zining sinfdoshlari bilan shahar markazida joylashgan to‘yxona hovlisida turgan paytda, unga avvaldan tanish bo‘lgan 1997-yilda tug‘ilgan shaxs boshchiligidagi bir guruh yigitlar davlat raqami noqonuniy ravishda olib tashlangan avtomashinada kelib to‘xtashgan.
Shundan so‘ng taraflar o‘rtasida bahs va tortishuv yuzaga kelib, ayni vaziyat mushtlashuvga aylangan. Natijada 29 yoshli fuqaro qo‘l va oyoq zarbalari bilan urilgani oqibatida turli darajada tan jarohati olgan.
Voqea bo‘yicha Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) 3-qismi «g» bandi asosida jinoyat ishi ochildi. Olib borilgan tezkor surishtiruv tadbirlari davomida jinoyatga aloqador shaxslar qo‘lga olinib, ularga nisbatan «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi qo‘llandi.
Shuningdek, hozirda mazkur ish bo‘yicha 2000-yilda tug‘ilgan yana bir necha shaxslarga nisbatan qidiruv e’lon qilindi va ularni ushlash choralari ko‘rilmoqda.
Ichki ishlar organlari mazkur jinoyatning barcha ishtirokchilariga nisbatan qonun doirasida qat’iy chora ko‘rilishini ma’lum qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!