Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan shahrida bo‘lib o‘tayotgan nufuzli “Kambag‘allikdan farovonlik sari” xalqaro forumi ochilish marosimida nutq so‘zladi. Unda 30 dan ziyod obro‘li tashkilot va 200 ga yaqin xalqaro ekspertlar qatnashmoqda.
Davlat rahbari nutqida ta’kidlaganidek, mamlakat taraqqiyotida xotin-qizlarning jamiyatning faol va ta’sirchan a’zosiga aylanishi masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Bu yo‘nalishda qator amaliy chora-tadbirlar joriy qilingan.
Xususan, qizlarga oliy ta’limda o‘qish uchun foizsiz kredit ajratish imkoniyati berildi. Magistratura bosqichida esa bepul ta’lim olish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bugun talabalarning 53 foizini xotin-qizlar tashkil etmoqda. Shu yilning o‘zida 1 million 700 mingdan ziyod ayollar ish bilan ta’minlandi.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Raqamli avlod qizlari” dasturi doirasida 50 ming nafar qizlar axborot texnologiyalari, moliya sohasi va sun’iy intellekt asoslariga o‘qitilishi rejalashtirilgan. Bu, ayni paytda, ularning yangi kasb va bilimlarga ega bo‘lishini ta’minlab, kelgusida jamiyatda munosib o‘rin topishiga xizmat qiladi.
“Xotin-qizlar jamiyatning barcha sohalarida o‘z imkoniyatlarini namoyon qilishi uchun har tomonlama ko‘mak berish – doimiy e’tiborimizda. Kelgusi yildan mehnat bozorida ayollar uchun teng sharoit yaratish maqsadida ijtimoiy sug‘urta tizimining qamrovi sezilarli darajada oshiriladi. Bu esa xotin-qizlarning kambag‘allik changaliga tushib qolmasligi uchun kafolat bo‘ladi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek, davlat rahbari barcha ishtirokchilarni kelgusi yil Namanganda o‘tkaziladigan Osiyo ishbilarmon ayollar forumiga taklif etdi. Bu forum ayollar o‘rtasida tajriba almashish va yangi imkoniyatlarni ochish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!