date

Samarqandda jasadni aravada olib ketayotgan erkak qo‘lga olindi (video)

Samarqandda jasadni aravada olib ketayotgan erkak qo‘lga olindi (video)

Samarqand shahrida aholi orasida katta shov-shuvga sabab bo‘lgan holat qayd etildi. «Mahalla» telekanali xabariga ko‘ra, 24-avgust kuni mahalliy mahalla raislari navbatdagi patrul paytida ikki shaxsning shubhali harakatlariga duch kelishgan.

Ma’lumotlarga qaraganda, «Navbog‘chiyon» va «Bo‘ston» mahallalari raislari bolalar aravachasidagi yelim idishlar orasida yashirilgan qopni ko‘rishgan. E’tiborli jihati shundaki, aravacha qabriston tomon yo‘nalgan bo‘lgan. Qop ochib ko‘rilganda esa uning ichida inson jasadi borligi ma’lum bo‘lgan.

Voqea joyida aniqlanishicha, qo‘lga olingan erkak o‘z pochchasini o‘ldirgan va jasadni qabristonga yashirincha ko‘mmoqchi bo‘lgan. Uning yonida ayol ham bo‘lgani aytilmoqda.

Erkak dastlab tergovchilarga bergan bayonotida, «pochcham uyimizga kelgan, kutilmaganda vafot etdi, shuning uchun ko‘mmoqchi bo‘ldim» degan iddaosini bildirgan. Biroq huquq-tartibot organlari bu versiyani tekshirish jarayonida voqeaning qotillik ekanini aniqladi.

Huquq-tartibot idoralari xodimlari zudlik bilan joyga yetib borgan va jinoyatchilarni hibsga olgan. Tergov jarayonlari hali davom etayotgani, qotillik sabablari va gumondorlarga qo‘llaniladigan jazo haqida hozircha rasmiy ma’lumot berilmagan.

Mahalla raislari Adham Rahimov va A’zam Ostonqulovning hushyorligi va faoliyati esa alohida qayd etildi. Ular o‘z vaqtida ichki ishlar organlariga xabar bergani uchun Ichki ishlar vazirligi tomonidan ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Bu voqea mahalliy aholi orasida katta rezonans uyg‘otdi. Ko‘pchilikni nafaqat jinoyatning shafqatsizligi, balki jasadni yashirish uchun qo‘llanilgan g‘alati va qo‘rqinchli usul — bolalar aravachasidan foydalanilgani ham larzaga soldi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Samarqandda jasadni aravada olib ketayotgan erkak qo‘lga olindi (video)