Davlat xavfsizlik xizmati mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurash yo‘nalishida navbatdagi katta fosh etilgan holat haqida ma’lum qildi. Ta’kidlanishicha, Bojxona va Soliq qo‘mitalari tizimidagi ayrim xodimlarning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tezkor tadbirlar Bojxona qo‘mitasining Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi, Bosh prokuratura va Toshkent shahar prokuraturasi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan.
Birinchi holatda, Toshkent viloyati Bojxona boshqarmasining “Navoiy” chegara posti inspektori qo‘lga olindi. U xizmat vakolatidan foydalanib, 1979-yilda tug‘ilgan fuqaroga Qozog‘istondan 7 kilogramm oltinni deklaratsiyasiz olib kirishga ko‘maklashishga va’da bergan. Buning evaziga u Chirchiq shahrida 5 ming AQSH dollari olgan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan ish qo‘zg‘atildi va qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi.
Ikkinchi holat, Toshkent shahri Shayxontohur tumani davlat soliq inspeksiyasi shu’ba bosh inspektoriga oid. U oziq-ovqat mahsulotlari ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi MCHJ faoliyatini tugatib berish uchun yuqori lavozimdagi tanishlari orqali “masalani hal qilib berish” bahonasida 2 500 dollar talab qilgan. U talab etilgan pulni tuman soliq inspeksiyasi binosi oldida olgan paytda qo‘lga olingan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 211-moddasi (pora berish) bilan ish qo‘zg‘atilgan.
Yana bir holat Mirobod tumanida qayd etildi. Soliq inspeksiyasining mahallalarga biriktirilgan inspektori o‘z nazoratidagi do‘konga tekshiruv o‘tkazmaslik va kelgusida har qanday tekshiruvlar haqida oldindan xabar berish evaziga 10 million so‘mni o‘zining bank kartasiga o‘tkazib olgan. U tezkor tadbir paytida qo‘lga olindi.
Huquq-tartibot idoralari ushbu holatlarni mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashning amaliy misoli sifatida baholamoqda. Mutasaddilar ta’kidlashicha, davlat xizmatchilari faqat qonun doirasida ishlashi shart va har qanday noqonuniy harakat og‘ir javobgarlikka sabab bo‘ladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!