date

ERA universiteti va O‘zbekiston tibbiyot aloqalari kuchaymoqda

ERA universiteti va O‘zbekiston tibbiyot aloqalari kuchaymoqda

Hindistonning nufuzli ERA universiteti bosh direktori Ali Xon rahbarligidagi delegatsiya O‘zbekistonga amaliy tashrif buyurib, Andijon davlat tibbiyot institutida (ADTI) muhim uchrashuvlar o‘tkazdi. Bu safar tibbiyot ta’limi sohasida yangi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash va amaliy qadamlar tashlash bilan yodda qoldi.

Muzokaralarda ikki mamlakat tibbiyot ta’limi tizimi o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Jumladan, talaba va o‘qituvchilar almashinuvi dasturlari, simulyatsion ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, ilmiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash hamda qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish masalalari kun tartibiga qo‘yildi.

Uchrashuv yakunida muhim shartnoma imzolandi. Unga ko‘ra, o‘zbekistonlik talaba va o‘qituvchilar Hindistonning yetakchi klinikalaridan birida stajirovkalarda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa ularning kasbiy tajribasini boyitish va tibbiyot sohasida xalqaro amaliyotga ega mutaxassis sifatida shakllanishiga zamin yaratadi.

Hindistonlik mehmonlar ADTIning klinik bazasi hamda zamonaviy simulyatsion markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, institutda tahsil olayotgan hindistonlik yoshlar bilan uchrashib, ularning bilim olish jarayonini kuzatdilar.

ERA universiteti delegatsiyasi safari faqat Andijon bilan cheklanmadi. Nukus shahrida ham qator uchrashuvlar o‘tkazilib, qo‘shma loyihalar va yangi tashabbuslarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Mazkur tashrif ikki davlat o‘rtasida tibbiyot ta’limi va amaliyoti sohasidagi aloqalarni yanada mustahkamlaydi, yangi qo‘shma dasturlar va hamkorlik yo‘nalishlari uchun poydevor yaratadi, deb kutilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » ERA universiteti va O‘zbekiston tibbiyot aloqalari kuchaymoqda