Toshkent viloyati Chinoz tumanida fuqaro O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan lochinlarni noqonuniy ravishda saqlayotgani aniqlandi. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabariga ko‘ra, u hayvonot dunyosiga yetkazilgan 620 million 884 ming so‘mlik zararni jarima sifatida to‘laydi.
O‘tkazilgan reyd tadbirlari natijasida Qizil kitobga kiritilgan yovvoyi qushlar turiga mansub bir dona Sapsan va bir dona Jig‘oltoy lochini noqonuniy ravishda ushlanib, panjarali qafasda tutqunlikda saqlanayotgani ma’lum bo‘lgan.
Qushlar huquqbuzardan olib qo‘yilib, vaqtincha saqlash uchun Toshkent hayvonot bog‘iga topshirilgan.
Qayd etilishicha, «Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida»gi, «Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi hamda «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonunlar buzilgan. Natijada hayvonot dunyosiga 620 million 884 ming so‘m zarar yetkazilgan.
Ish yuzasidan yig‘ilgan barcha hujjatlar holatga huquqiy baho berish va tegishli chora ko‘rish uchun Bosh prokuraturaga yuborilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!