Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq, Oqqo‘rg‘on, Piskent va Bo‘ka tumanlaridagi bog‘chalarda bolalar ovqatdan zaharlandi. Ayni paytda Quyi Chirchiq tumanida 12 nafar, Oqqo‘rg‘on tumanida 97 nafar bola shifokorlar nazoratida bo‘lib, ularning salomatligi barqaror. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabar berdi.
Qayd qilinishicha, 25 sentyabr kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova, vazir o‘rinbosari Azizbek Turdiyev mazkur holatlarni shaxsan o‘rganish maqsadida Quyi Chirchiq, Oqqo‘rg‘on, Piskent va Bo‘ka tumanlaridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bo‘ldi. Hududiy huquqni muhofaza qiluvchi organlar, mahalliy hokimlik mas’ullari bilan hamkorlikda bog‘chalarning ayni vaqtdagi holati, oshxonalardagi mavjud sharoitlar ko‘zdan kechirildi. Bog‘cha rahbarlari, tarbiyachilar bilan muloqot qilindi.
Ta’kidlanishicha, Quyi Chirchiq tumanida 12 nafar, Oqqo‘rg‘on tumanida 97 nafar bola shifokorlar nazoratida, ularning salomatligi barqaror.
«Tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda ehtiyot chorasi sifatida Piskent va Bo‘ka tumanlaridagi bog‘cha tarbiyalanuvchilari navbati bilan shifokorlar nazoratidan o‘tkazilmoqda. Hozirgacha bolalar sog‘lig‘iga jiddiy xavf soladigan holatlar aniqlanmagan», deyiladi xabarda.
Xabarga ko‘ra, yuzaga kelgan holat huquq-tartibot organlari tomonidan nazoratga olingan va tergov jarayonlari boshlangan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!