Haydovchilik guvohnomasini olib berish yoki qayta tiklashni va’da qilgan shaxslar qonun himoyachilari tomonidan fosh etildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Bag‘dod tumani bo‘limi va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Vatanparvar” tashkiloti Buvayda tumani bo‘limi inspektori Z.T. ushlangan. U fuqaro T.Z.ni haydovchilik imtihonidan o‘tkazish va “V” toifali haydovchilik guvohnomasini tayyorlab berish evaziga 1 000 AQSH dollarini olgan paytda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Shuningdek, Departamentning Qonliko‘l tumani bo‘limi va Ichki ishlar vazirligi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan yana bir tadbirda fuqaro I.Sh. ushlangan. U fuqaro A.Q.ning ishonchiga kirib, sud qarori asosida bekor qilingan haydovchilik guvohnomasini go‘yoki yuqori lavozimdagi tanishlari yordamida qayta tiklab berishni va’da qilgan. Bu xizmat uchun u 1 500 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan fosh etilgan.
Har ikki holat yuzasidan ham Jinoyat kodeksining 25 va 168-moddalari (firibgarlik), shuningdek 28 va 211-moddalari (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, hozirda tergov harakatlari olib borilayotgani ma’lum qilindi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!