— Hurmatli tahririyat xodimlari, sizlarga nozik bir masalada maslahat so‘rab maktub yo‘llayapman. Uylanganimga to‘rt oy bo‘ldi. Rafiqam bilan sovchi orqali, ammo bir-birimizni yoqtirib turmush qurganmiz. Mana, to‘rt oydirki, er-xotinlik munosabatlariga kirisha olmayapmiz. Sababi u bu holatdan qattiq qo‘rqib, o‘ziga umuman yaqinlashtirmaydi. Avvaliga vaqt o‘tib, hammasi iziga tushib ketar, deb sabr qildim. Endi oilamdagi kattalarning ayolimning bo‘yida bo‘lishini kutishayotgani meni xavotirga solmoqda. Vaziyat oydinlashsa, odamlar meni aybdorga chiqarishlaridan cho‘chiyapman. Nazarimda, bu haqda uydagilar bilan maslahatlashishga endi kech. Qanday yo‘l tutsam ekan? Muammom yuzasidan mutaxassislar maslahatiga muhtojman…
Hakim, Buxoro viloyati
Aziz mushtariy! Tahririyatimizga yo‘llangan har bir maktub biz uchun gazetamizga bo‘lgan e’tiboringiz va ishonchingiz dalolatidir. Bilamiz, xatni yozishdan avval uzoq ikkilangansiz. Bu haqda kim bilan maslahatlashishni, kimdan to‘g‘ri javob olishingizni bilmay boshingiz qotgan. Nihoyat, maktubni yozdingiz. Savolga javob istab his etayotgan intiqligingizni olisdan sezib turibmiz, ishoning. Bugungi mavzu garchi nozik bo‘lsa-da, unga parda ortidan nazar tashlashimiz, balki siz sabab boshqalarga ham saboq bo‘lar. Shu sabab «Sirlashuv» sahifamiz orqali mutaxassislar fikri va tavsiyalari bilan tanishtiramiz.
«Yangani to‘g‘ri tanlang!»
Gulruh ADXAMOVA, ruhshunos:
— Bu holatni turmushga chiqayotgan qizni nikoh kechasiga noto‘g‘ri tayyorlashning salbiy oqibatlaridan biri deb aytish mumkin. Odatimizga ko‘ra, kelinni nikoh kechasiga yangasi tayyorlab boradi. Aslida qizlarga yaqin insoni to‘ydan bir kungina avval emas, sal ertaroq bu mavzuda gapirib, ularni nikohga tayyorlab borishi to‘g‘riroq bo‘ladi. Farzandini turmushga uzatayotgan onaxonlar masalaga yuzaki emas, jiddiy e’tibor qaratishlari lozim. Negaki turmushga chiqmagan qizning atrofidagi dugonalari jarayon haqida turli salbiy fikrlar gapirib, kelinni qo‘rqitib qo‘yishlari mumkin. Natijada kelin ko‘p qon ketib qolishi yoki kuchli og‘riqdan qo‘rqqanidan jarayonni o‘z vaqtida ro‘y berishiga izn bermaydi. Tabiiyki bu holda ikki yosh masalaga ehtiyotkorlik va e’tibor bilan yondoshgan yanganing maslahatlariga muhtoj bo‘ladi.
«Vaqtni isrof qilmang!»
Oliy toifali shifokor, androlog-seksopatolog Ramazon NAZAROV:
— Har bir holat individual. Avvalo juftlik o‘rtasida muhabbat rishtalari bo‘lishi juda muhim. Kelin kuyovdan cho‘chimasligi, uni yaqin insoni deb qabul qilishi kerak. Ba’zi hollarda kelinning kuyovni yoniga yaqinlashtirmasligi vaginizm kasalligi oqibatida ham bo‘ladi. Bu kabi muammo bilan bizga murojaat qilgan juftliklarga avvalo kelinni ginekolog ko‘rigiga olib borishni maslahat beramiz. Mutaxassis ko‘rigi va tashxisdan keyin har ikkalasi seksopatolog qabuliga kelishlari mumkin. Vaziyat ijobiy tomonga hal bo‘lishi uchun masalaga bee’tibor bo‘lmang. Yodda tuting, vaqtni o‘tkazib yuborishingiz jinsiy yaqinlik ro‘y berishini yanada qiyinlashtiradi. Sizga zudlik bilan mutaxassis yordami kerak.
«Qiz bolani stress holatidan saqlang!»
Oliy toifali shifokor-ginekolog Muyassar NAZIROVA:
— Ko‘pincha bu kabi vaziyatda ginekolog qabuliga kelinning qizlik pardasini tekshirtirish uchun olib kelishadi. Parda shikastlanmagani aniqlansa, kelin-kuyov androlog qabuliga yuboriladi. Kuyovni ham tibbiy tekshiruvdan o‘tkazib qo‘yish zarar qilmaydi. Natijani aniqlash uchun zarur ko‘rikni androlog belgilab beradi. Tibbiy ko‘rikdan tashqari kelindagi bu holat ruhiy ta’sir oqibati bo‘lishi ham mumkin ekanini hisobga olish kerak. Balog‘at yoshida, yoki voyaga etgan paytda stress holatiga sabab bo‘luvchi biror kor-hol yuz bergan bo‘lsa, qiz bola jinsiy yaqinlikdan qattiq qo‘rqib qoladi. Buni davolashning iloji bor, albatta! Faqat atrofdagi odamlar yoshlarni tushunishi, ularga yumshoq munosabatda bo‘lishi muhim. Turli mayda gap-so‘z, yangi oilaning vaziyatga bo‘lgan salbiy munosabati, kelindagi holatni yanada kuchaytirishi, oqibatda u emosional stressga tushib qolishi mumkin. Ishoning, bu vaqtinchalik holat. Undan chiqib ketish uchun sizdan faqat vaqt va e’tibor talab qilinadi. Xuddi shunga o‘xshash vaziyatdagi bir kelinni qabulga olib kelishganida unga iymanish kerak emasligini, istak uyg‘onishi uchun balki romantik film, yoki shunga o‘xshash muhit yaratilishi muhim ekanini tushuntirgandik. Chunki atrofdagi qo‘shimcha muammolar kelin-kuyovning parda ortidagi hayotiga ta’sir qilmasligi lozim.
Yangamullodan kuyovlarga tavsiyalar
- Uzoq kutgan nikoh to‘yingiz yoqimli, siz kutgandagidek do‘st, yaqinlar davrasida esda qolar darajada o‘tdi. Qancha odam bilan muloqotda bo‘ldingiz, kun bo‘yi sizga hamroh bo‘lgan hayajon endi ruhiy charchoqqa aylangan bo‘lsa, ajab emas. Modomiki, qattiq charchaganingizni his etayotgan bo‘lsangiz, ilk yaqinlikni sal keyinroqqa qoldirganingiz ma’qul.
- Kelinginamning sizdan-da ikki karra ko‘proq hayajonlanayotganini esdan chiqarmang. Masalani shu bugunoq hal etishim kerak kabi o‘y-xayollarni umuman esdan chiqaring. Kelinning qafasga tushgan qushdek cho‘chib turishi sizdan iymanganining belgisi hamdir. Buni hisobga olib unga ohistalik bilan munosabatda bo‘ling. Qo‘polligingiz masalani yanada chigallashtirishini sizga eslatib qo‘yishni lozim topdim. Nainki nikoh kechasi, balki bir umr kechiradigan hayotingizni aynan ilk marotaba qilgan hatti-harakatlaringiz belgilashini bilarmidingiz?
- Asta qadam bosgan odam, uzoq yo‘l bosadi, bolajonim. Og‘riq hissi siz va kelinginaning o‘rtasidagi muhabbat rishtalarini biroz unutishga sabab bo‘lishi mumkin. Uning og‘riq tuyganini sezsangiz, noto‘g‘ri hatti-harakatdan tiyiling.
Bu kecha boshqalaridan ajralib turishi yodingizdan ko‘tarilmasin. Axir har ikkalangiz his etgan muhabbatni o‘zgacha rishta bilan bog‘laydigan oqshom bu. Bir-biringizga ehtiyotkor bo‘ling. Shu daqiqalarda atrofingizni chiroyli narsalar, yoqimli hissiyotlar o‘rab tursin. Shirin so‘zingizni kelinginadan ayamang. Ayol kishi shirin so‘zga juda o‘ch bo‘ladi. Unga mehr to‘la so‘zlar bilan yaqinlashsangiz, iymansa-da, gaplaringizdan erib ketadi.
Manba: Darakchi.uz “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Turkiya o‘zining birinchi kvant kompyuterini taqdim etdi
Josep Borrel: “Xalqaro jinoyat sudining Netanyaxuni hibsga olish bo‘yicha qarori ijro etilishi shart”
Metabolizm sekinlashganining belgilari
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi
Superliga. OKMK safarda "Paxtakor"ni mag‘lub etdi va 11 yillik qora an’anaga chek qo‘ydi
Har payshanba jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilanadi