
Dilnoza Mahmudova, Namangan davlat universiteti matematika kafedrasi katta o‘qituvchisi
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan yurtimizda ta’lim sohasida faoliyat olib borayotgan barcha ustoz va murabbiylar hamda sohaning jonkuyar xodimlarini tabrikladilar. Mazkur bayram tabrigini tom ma’noda yurtimizdagi ziyolilarning mashaqqatli mehnatiga bo‘lgan yuksak e’tirof va hurmat deb qabul qildik.
Mazkur bayram tabrigida yurtimizda so‘nggi yillarda ta’lim sohasida amalga oshirilgan keng qamrovli islohotlar va uning samaradorligi ta’kidlandi. Ayniqsa, oliy ta’lim sohasida o‘tkazilgan islohotlar va chora-tadbirlar natijasida erishilgan ijobiy o‘zgarishlar alohida qayd etildi.
Bugungi kunda yurtimizda oliy ta’lim tizimini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Buni amalga oshirilgan tub islohotlar natijasida o‘tgan sakkiz yil ichida oliygohlarning soni 77 tadan 202 taga, talabalar soni esa 250 mingdan 1,5 millionga yetganligi ham yaqqol tasdiqlab turibdi. Shuningdek, ayni paytda yoshlar uchun oliygohlarga kirishda tanlov imkoniyati ko‘paytirildi. Bu esa yoshlarni oliy ta’limga qamrovini oshirishda muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda.
Yana bir muhim jihat. So‘nggi yillarda oliy ta’lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan professor-o‘qituvchilarning oylik maoshlari sezilarli darajada oshirildi. Bu esa ta’lim muassasalarida o‘qituvchining mashaqqatli mehnatini qadri yuksalib borayotganligidan dalolat. Natijada hozirgi kunda mamlakatimizda ilm-fanning muayyan sohalarida tadqiqotlar olib borib, aniq natijaga erishayotgan olimlarning asosiy qismini professor-o‘qituvchilar tashkil etayotgani diqqatga sazovor.
Ushbu bayram tabrigida ta’lim sohasi xodimlarining mehnat va yashash sharoitini yaxshilash islohotlarning eng ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qolishi alohida ta’kidlandi. Jumladan, yangi yildan boshlab kamida 15-yil stajga ega bo‘lgan oliy toifali pedagoglarga ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25 foizi qoplab berilishi, kelgusi o‘quv yilida davlat oliygohlariga o‘qishga kirgan pedagoglar farzandlarining kontrakt summasiga 30 foiz chegirma joriy etilishi mo‘ljallangani, o‘qituvchilarning zamonaviy kompyuter texnikalarini xarid qilishlari uchun 10 million so‘mgacha imtiyozli kredit ajratilishi barcha ziyolilarni quvontirdi.
Albatta, bunday e’tibor va e’tirof barcha ta’lim sohasi vakillarini ruhlantirish bilan birga o‘ziga xos mas’uliyat ham yuklaydi. Biz pedagoglar esa Prezidentimizning ushbu yuksak ishonchlarini o‘z mehnatimiz va fidoiyligimiz bilan oqlash uchun bor kuch-g‘ayratimizni sarflashga tayyormiz.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.