Namangan viloyatida Rossiyadagi qurolli to‘qnashuvda ishtirok etganlikda ayblangan 55 yoshli fuqaroga nisbatan sud hukmi chiqarildi. Bu haqda РИА Новости sud materiallariga tayanib xabar berdi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u 2023 yil iyunida mehnat qilish maqsadida Rossiyaga borgan. Ammo ish patenti rasmiylashtirish o‘rniga unga Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzish taklif qilingan. Shu yil iyul oyida u bir yillik shartnoma imzolab, “Дед” laqabini olgan.
Ayblanuvchi Belgorod shahrida xizmat qilgan bo‘lib, asosan harbiy texnikani ta’mirlash ishlari bilan shug‘ullangan va to‘g‘ridan to‘g‘ri jangovar hududlarga yuborilmagan. Xizmat davrida u 700 ming rubl bir martalik to‘lov hamda oyiga 150–200 ming rubl miqdorida maosh olgan. U mablag‘ning bir qismini — taxminan 15 ming dollarni “Золотая Корона” tizimi orqali oilasiga jo‘natgan.
2024 yil may oyida sog‘lig‘i bilan bog‘liq sabablarga ko‘ra ishdan bo‘shab, O‘zbekistonga qaytgan. Bir muddat o‘tgach, uning ismi “Хочу жить” (“Men yashashni xohlayman”) loyihasining Telegram kanalidan urushda ishtirok etgan o‘zbekistonliklar ro‘yxatida paydo bo‘lgan. 2025 yilda esa u qo‘lga olingan.
Sud uni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (“Yollanma jangchilik”) bo‘yicha aybdor deb topdi va umumiy tartibdagi koloniyada 2 yil ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!