01:20 / 30.12.2016
10 637

Keksalar va nogironlarni qo‘llab-quvvatlash kuchaytiriladi

Keksalar va nogironlarni qo‘llab-quvvatlash kuchaytiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 28 dekabr kuni «O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash «Nuroniy» jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmon va «Keksalar va nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi, deb xabar bermoqda Gazeta.uz.

Hujjatlarga berilgan rasmiy sharhda keltirilishicha, O‘zbekistonda 2010−2015 yillar mobaynida keksalar va pensionerlar uchun mo‘ljallangan 12 ta Saxovat va Muruvvat internat uylari moddiy-texnika bazalari, 14,6 ming yolg‘iz keksalar, pensioner, nogironlarning turar joy sharoitlari yaxshilandi, 5,4 ming odam reabilitasiya texnik vositalari va protez-ortopediya mahsulotlari bilan ta’minlandi, 6,4 ming nogiron va pensioner sanatoriyalarda sog‘liqlarini tiklashdi. Ko‘rsatilgan tibbiy-ijtimoiy yordamning umumiy hajmi 132,2 milliard so‘mni tashkil etdi.

Shu bilan birga, o‘tkazilgan o‘rganish ishlari «Nuroniy» jamg‘armasi davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi, yolg‘iz keksalar, pensionerlar va nogironlarni muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish, uning manzilliligini ta’minlash, keksa yoshdagilar, imkoniyati cheklangan odamlar va yolg‘iz keksalarga ko‘rsatiladigan tibbiy-ijtimoiy yordam darajasi va sifatini ko‘tarishni, shuningdek joylarda tuman va shaharlar aholisining zamonaviy diagnostika va davolanish uslublaridan foydalanish imkonlarini ta’minlaydigan tubdan yangi yondashuvlar ishlab chiqish zarurligini ko‘rsatdi.

Keksalarni qo‘llab-quvvatlash davlat tizimini yanada takomillashtirish maqsadida qariyalar va faxriylarni ijtimoiy himoyalash, ularning faolligini oshirish, mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotida to‘laqonli ishtirok etishlari uchun shart-sharoitlar yaratish, tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash sohasida katta avlod vakillarining rolini oshirish uchun qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni va qarorida quyidagilar ko‘zda tutilgan:

oqsoqollar, keksalar va faxriylarni yoshlarni xalqimizning ko‘p asrlik an’analariga, Vatanga muhabbat, keksalarni e’zozlash ruhida tarbiyalashga qaratilgan ijtimoiy faoliyatga jalb etish;

joylarda keksalar turmush sifatini oshirish, ularning ijtimoiy faolligini qo‘llab-quvvatlash, mamlakat ijtimoiy- siyosiy hayotidagi ishtirokini ta’minlash sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishga ko‘mak berish;

fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan hamkorlikda oilalarda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, yoshi keksa faollarni bolasi bor muammoli oilalarga biriktirish, shuningdek yolg‘iz va muhtoj keksalarga ijtimoiy va moddiy ko‘mak ko‘rsatish;

«Nuroniy» jamg‘armasi markaziy apparatining, uning viloyatlardagi va tumanlardagi bo‘linmalariga, «Nuroniy» jamg‘armasi xodim-pensionerlariga davlat byudjetidan pensiyalarini to‘la hajmda to‘lash orqali byudjetdan moliyalanishini ta’minlash;

har yili «Mahalla» xayriya fondiga Navro‘z va Mustaqillik umummilliy bayramlariga bag‘ishlab o‘tkaziladigan hasharlardan tushadigan mablag‘larning 10 foizini «Nuroniy» jamg‘armasiga o‘tkazish;

«Nuroniylar maskani» komplekslarini yaratish va ularda o‘quv zallari, hordiq xonalari, davolash fizkulturasi, shuningdek ovqatlanish xonalari va tibbiy kabinetlarni tashkillashtirish;

fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida jamoatchilik tartibida fuqarolar yig‘ini (ovullar, qishloqlar, mahallalar) raisining o‘rinbosari — keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha maslahatchi lavozimini kiritish;

«Nuroniy» jamg‘armasining barcha bo‘linmalari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, zarur shart-sharoitlarni yaratish, mebel, kompyuter texnikasi va aloqa vositalari bilan ta’minlash;

kasalliklarni o‘z vaqtida aniqlash va davolash uchun 2,8 million keksa yoshdagi fuqarolarning barchasi ixtisoslashtirilgan tibbiy brigadalar tomonidan chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishini ta’minlash;

biriktirilgan patronaj hamshiralari tomonidan salomatliklari ustidan doimiy nazorat orqali keksa yoshdagi fuqarolar orasida kasalliklar profilaktikasi choralarini kengaytirish, 15,5 ming yolg‘iz keksalarning turmush sifatini va turmush darajasini ularga shaxsiy ijtimoiy xodimlarni biriktirish orqali oshirish;

keksa yoshdagi shaxslarni ularga to‘lovsiz asosda davolash va sog‘lomlashtirish. Shu munosabat bilan respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlariga 20 ming va viloyatlardagi tibbiyot muassasalariga 215 mingdan ziyod, jami 178,9 milliard so‘m miqdoridagi orderlar ajratish ko‘zda tutilgan;

urush va mehnat faxriylari, yolg‘iz pensionerlar va nogironlar salomatligini har yil bu kontingentga kirgan 34 ming odamni 18 milliard so‘m miqdorida sanatoriya-davolash muassasalarida bepul sog‘lomlashtirish yo‘li bilan salomatliklarini yaxshilash;

Buxoro, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlarida keksalar, nogironlar hamda urush va mehnat faxriylari uchun 3 ta yangi sanatoriy qurish va ularni jihozlash yo‘li bilan qo‘shimcha 50 mingdan ziyod pensioner va nogironlarning sanatoriya muassasalarida bepul sog‘lomlashtirilishini tashkillashtirish. Ushbu maqsadni amalga oshirish ishlariga davlat byudjeti hisobidan 13,5 milliard so‘m ajratish;

imkoniyati cheklangan shaxslarning turmush sifatini, har yil bu kontingentga kirgan 10 ming odamni jami 2,5 milliard so‘m miqdoridagi zarur protez-ortopediya buyumlari va texnik reabilitasiya vositalari bilan ta’minlash hisobidan oshirish;

o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksalar va nogironlar turmush darajasi va sifatini har yil ushbu kontingentga kirgan 4 ming odamni umumiy miqdori 3,2 milliard so‘m bo‘lgan asosiy oziq-ovqatlar, gigiena vositalari bilan ta’minlash yo‘li bilan oshirish;

1941−1945 yillardagi urush qatnashchilariga sanatoriylarda har yili sog‘lomlashtirish kursidan o‘tish o‘rniga yo‘llanmaning o‘rtacha narxiga teng ravishda kompensasiya olish huquqini berish;

yolg‘iz va kam ta’minlangan keksa fuqarolarni umumiy miqdori 6,4 milliard so‘m hajmidagi qishki kiyim komplekti va poyafzal, shuningdek qishga g‘amlash uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan har yili ta’minlash;

Andijon, Buxoro, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida ochiq yurakda jarrohlik operasiyalarini o‘tkazish uchun umumiy summasi 9,7 milliard so‘m bo‘lgan hududlararo kardioxirurgik markazlar yaratish;

tuman (shahar)lardagi barcha tibbiyot birlashmalari va muassasalarini, shuningdek barcha viloyatlardagi onkologiya dispanserlarini umumiy miqdori 108,7 million AQSh dollariga teng bo‘lgan tegishli zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlash;

keksalar va nogironlarning 23 ta Saxovat va Muruvvat uy-internatlari moddiy-texnika bazasini umumiy miqdori 207 milliard so‘mga teng hajmda mustahkamlash.

Dasturni moliyalashtirishga 688,2 milliard so‘m yo‘naltiriladi, shuningdek xalqaro moliyaviy tuzilmalarning 108,7 million AQSh dollari hajmidagi kredit va grant mablag‘larini jalb etish ko‘zda tutilgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Keksalar va nogironlarni qo‘llab-quvvatlash kuchaytiriladi