20:46 / 22.04.2015
21 219

Botir Ergashev “Allohimga aytib ber” she’ri atrofida bo‘layotgan shov-shuvlarga she’riy munosabat bildirdi

Botir Ergashev “Allohimga aytib ber” she’ri atrofida bo‘layotgan shov-shuvlarga she’riy munosabat bildirdi

Shoir Botir Ergashev “Allohimga aytib ber” she’ri atrofida bo‘layotgan shov-shuvlarga she’riy munosabat bildirdi.

“Suriyalik murg‘akning o‘limi oldidan aytgan ikki og‘iz gapi, barcha otalar qatori mening ham yuragimga qattiq ta’sir qildi. Oqibatda bir she’r yozildi. Bu she’r qo‘shiq bo‘lgach, ko‘p gap-so‘zlar ham qanot yozdi. “Men birinchi yozganman”, degan gap ustida bahslashayotganlarga aytar gapim, iltimos, unday qilmanglar! Hasan ismli nobud bo‘lgan Suriyalik bu norasida, aynan mana shunday tortishuvlar, kelishmovchiliklar, birinchi bo‘lishga intilganlarning qurboniga aylandi. Xotirjam bo‘ling, biz barchamiz Allohning izmidagi bandalarmiz, Undan o‘tib birinchi bo‘lib bo‘lmaydi!” (Botir Ergashev)

BOLAJONIM

Seni bolam, deb aytsam zig‘ircha xato bo‘lmas,
Men ham otaman, garchi, sendan olis makonim.
Dog‘ingdan qon yig‘lasam, malomatga qoldim, bas,
O‘lib ham qutulmading janglardan, bolajonim.

Qontalashlar tufayli bemahal keldi shoming,
Jontalashlar qo‘lida to‘kildi hayot joming.
She’rtalashlar dastidan endi talashdir noming,
Dunyo torligi fe’li tanglardan, bolajonim.

Darding olamning dardi kimningdir dardi emas,
Tinch yotsin, deya nechun ruhingning g‘amin emas,
U ham bitta ota-da, yozsa yozgandir, demas,
Yomon ezildim fikri langlardan, bolajonim.

“Men birinchi yozganman”, kimningdir bu o‘kinchi,
Paydo bo‘lgach, yo‘qoldi uch-to‘rt ovchining tinchi,
Mayli, men ikkinchiman, mayli, ular birinchi,
Charchadim, gap-so‘z, degan changlardan, bolajonim.

Mo‘min mo‘minga dushman, ayt, qayoqqa ketamiz,
Hobil o‘lgach, jigarkush bo‘lgan Qobil betamiz,
Odamzot ham Qobildan tarqagandir, netamiz,
Olam rang olgan, o‘shal ranglardan, bolajonim.

Mayli bizni qo‘yaver, bo‘lgancha bo‘ldik javrab,
Eng so‘nggi suratingni qo‘ydim ko‘nglimga o‘rab,
Tinch yotgin, Yaratgandan barchaga insof so‘rab,
Har yon zang bo‘ldi qalbi zanglardan, bolajonim.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Botir Ergashev “Allohimga aytib ber” she’ri atrofida bo‘layotgan shov-shuvlarga she’riy munosabat bildirdi