
«Xavfsiz va sog‘lom yurt» tezkor-profilaktik tadbirining uchinchi bosqichi doirasida Toshkent viloyatida olib borilgan keng ko‘lamli tezkor ishlar muhim natijalar berdi. Viloyat IIBB, uning quyi bo‘linmalari hamda Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan tadbirlar jinoyatchilikka qarshi kurashda keskin burilish yasadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, faqat noyabr oyining o‘zida noqonuniy muomaladan 53 kilogrammdan ortiq turli giyohvandlik vositalari, 3 ming 884 dona psixotrop modda hamda 26 545 ta bir martalik dozaga teng bo‘lgan 5,3 kilogramm sintetik moddalar musodara qilingan. Bu raqamlar profilaktik ishlar qanchalik samarali olib borilayotganini yaqqol ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, 2025-yilning o‘tgan 11 oyi davomida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan jami 491 kilogramm giyohvandlik vositasi, 365 ming 289 dona psixotrop modda hamda 48,5 kilogramm sintetik narkotiklar — ya’ni 242 mingdan ortiq bir martalik doza qo‘lga olindi.

Tezkor harakatlar natijasida 1 ming 440 nafar shaxsning jinoiy faoliyati fosh etildi, shuningdek, 100 ta uyushgan jinoiy guruhga chek qo‘yildi. Ushbu holatlar bo‘yicha qonun ustuvorligi qat’iy ta’minlanib, aybdorlarga nisbatan jazo muqarrarligi ta’minlandi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday izchil chora-tadbirlar aholi xavfsizligini ta’minlash, yoshlarni zararli illatlardan asrash va jamiyatda sog‘lom muhitni mustahkamlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.