
Bosh prokuratura tomonidan olib borilgan keng qamrovli tekshiruvlar natijasida Davlat xizmatlari markazi tizimida faoliyat yuritgan yirik jinoiy guruh fosh etildi. Ma’lum bo‘lishicha, mazkur guruh noqonuniy ravishda haydovchilik guvohnomalarini rasmiylashtirish bilan shug‘ullanib kelgan.
Tekshiruv davomida aniqlanishicha, Davlat xizmatlari markazi bosh mutaxassisi o‘zining jinoiy sheriklari bilan til biriktirgan holda 2025-yil davomida avval hech qachon haydovchilik guvohnomasi olmagan 72 nafar fuqarodan jami 616 million so‘m pora olgan. Evaziga esa ularga qalbaki haydovchilik guvohnomalari tayyorlab berilgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, jinoiy guruh a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining pora olish, pora berish hamda qalbaki hujjatlar tayyorlash bilan bog‘liq moddalari asosida ayblandi. Hozirda ularning barchasiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Shu bilan birga, noqonuniy tarzda haydovchilik guvohnomasini qo‘lga kiritgan fuqarolarning o‘ziga nisbatan ham jinoiy javobgarlik masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Aniqlangan barcha soxta guvohnomalar rasman bekor qilingan.
Bosh prokuratura ma’lum qilishicha, viloyatlar kesimida o‘tkazilgan qo‘shimcha tekshiruvlar davomida jami 1200 dan ortiq qalbaki haydovchilik guvohnomalari aniqlangan. Xususan, Toshkent shahrida 440 ta, Navoiy viloyatida 265 ta, Surxondaryo viloyatida 205 ta, Samarqand viloyatida 146 ta, Qashqadaryo viloyatida 33 ta, Sirdaryo viloyatida 20 ta hamda boshqa hududlarda 100 dan ziyod soxta hujjatlar fosh etilgan.
Mutasaddilar bunday holatlar yo‘l harakati xavfsizligiga jiddiy tahdid solishini ta’kidlab, fuqarolarni qonunga rioya qilishga va noqonuniy yo‘llar orqali hujjat rasmiylashtirmaslikka chaqirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.