
Prezident Shavkat Mirziyoyev farmoniga binoan, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordam ajratishda yangi, yanada aniq va tizimli tartib joriy etildi. Yangi qoidalarga ko‘ra, to‘lovlar oilaning ijtimoiy maqomiga qarab avtomatik tarzda davom ettirilishi, belgilangan muddatlarda qayta baholanishi yoki mehnatga layoqatli a’zolarning rasmiy bandligiga bog‘lanishi nazarda tutilmoqda.
Yangi tizimning asosiy maqsadi — davlat yordamini haqiqatan ehtiyojmand qatlamga manzilli yetkazish, shu bilan birga mehnat qilish imkoniyati bor oilalarni rasmiy bandlikka rag‘batlantirishdan iborat.
Farmonga muvofiq, Ijtimoiy reyestrdagi oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordam quyidagi tartibda tayinlanadi:
“Davlat ta’minotidagi oila” toifasiga kiruvchi oilalarga ijtimoiy xizmatlar, jumladan bolalar nafaqasi va moddiy yordam, oilaning bandlik holatidan qat’i nazar, qo‘shimcha arizasiz to‘lab boriladi. Bu oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli reyestrga kiritilganidan keyin 12 oy o‘tgach qayta baholanadi. Ayrim hollarda mazkur baholash tegishli vazirlik va idoralarning axborot tizimlari orqali amalga oshirilishi mumkin.
“Kambag‘al oila” sifatida ro‘yxatga olinganlar uchun esa bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam 6 oy muddatga tayinlanadi. Bu davr mobaynida mehnatga layoqatli a’zolarning rasmiy ish bilan ta’minlanishi shart hisoblanadi. Agar bandlik ta’minlansa, to‘lovlar qo‘shimcha murojaatsiz uzluksiz davom etadi. Aks holda esa nafaqa va yordam to‘xtatiladi. Shu bilan birga, oila qayta murojaat qilganda, mazkur bandlik talabi 6 oy davomida qo‘llanmasligi belgilangan.
“Kambag‘allik chegarasidagi oila” toifasiga kiritilgan oilalarga bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam 6 oy davomida to‘lanadi. Agar oila a’zolariga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromad minimal iste’mol xarajatlarining 1 baravari bilan 1,25 baravari orasida bo‘lsa, to‘lov miqdori 75 foiz etib belgilanadi. Daromad 1,25 baravardan 1,5 baravargacha yetgan hollarda esa yordam 50 foizgacha qisqartiriladi.
Ushbu yangiliklar orqali ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimi yanada shaffof, adolatli va samarali bo‘lishi, eng muhimi — aholining haqiqiy ehtiyojlariga moslashishi kutilmoqda.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.