
O'zbekistonda 2026 yil 1 yanvardan o'zini o'zi band qilgan taksi haydovchilari uchun soliqqa tortish tartibi o'zgaradi. Ular uchun aylanmadan olinadigan soliqning pasaytirilgan stavkasi — 1% joriy etilmoqda. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.
SolIQ real olingan daromaddan hisoblanadi. Masalan, o'zini o'zi band qilgan taksichi bir oyda 2 million so'm topgan bo'lsa, to'laydigan solig'i 20 ming so'mni tashkil etadi.
Agar yo'lovchi tashish onlayn taksi agregatorlari orqali amalga oshirilsa, soliq avtomatik ushlab qolinadi: agregator haydovchiga daromadni o'tkazishda 1%ni ushlab qoladi va bu mablag'ni mustaqil ravishda byudjetga yo'naltiradi. Bu tartib faqat agregator platformasi orqali topilgan daromadlarga tatbiq etiladi, servisdan tashqarida olingan tushumlar ushbu mexanizm bo'yicha soliqqa tortilmaydi.
Shu bilan birga, ko'plab haydovchilar elektron to'lovlarni qabul qilish uchun maxsus QR-kod o'rnatish talabi bo'yicha ham savol bermoqda. 2026 yil 1 yanvardan bunday talab yakka tartibdagi tadbirkorlar va o'zini o'zi band qilgan shaxslarga joriy etiladi, biroq taksichilar uchun istisno belgilangan.
2025 yil 12 avgustdagi 247-son qarorga ko'ra, soliq organlarining axborot tizimlariga integratsiya qilingan elektron platformalar orqali yo'lovchi tashish va tovar yetkazib berish xizmatlarini ko'rsatuvchi o'zini o'zi band qilgan shaxslarga QR-kod o'rnatish majburiyati tatbiq etilmaydi. Demak, soliq tizimiga ulangan rasmiy agregatorlar bilan ishlaydigan taksi haydovchilari va kuryerlarga alohida QR-kod o'rnatish shart bo'lmaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.