date

Mahalla yettiligiga ortiqcha yuklama qo‘yish qat’iy cheklanadi

Mahalla yettiligiga ortiqcha yuklama qo‘yish qat’iy cheklanadi

Mahallalardagi ish tizimini tartibga solish va “mahalla yettiligi” deb ataladigan tuzilma vakillarini haqiqiy vazifasiga mos ravishda ishlatish bo‘yicha yangi yondashuvlar ishlab chiqilmoqda. Taklif etilayotgan tartibga ko‘ra, “mahalla yettiligi” a’zolarini yig‘ilishlar, turli tadbirlar va boshqa jamoat ishlariga jalb qilish faqat fuqarolar yig‘ini raisining roziligi bilan amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Eng muhim nuqta — ularga o‘z vazifasi va faoliyat yo‘nalishiga umuman aloqasi bo‘lmagan ishlarni yuklash qat’iy man etilishi kutilmoqda. Ya’ni hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, ijtimoiy xodim yoki soliq inspektori “kim nima desa shu” qilib yurmaydi — har kim o‘z sohasi bo‘yicha ishlaydi.

Loyihaga ko‘ra, 2026 yil 1 iyuldan boshlab tayinlov va ozod etish amaliyotida ham yangi tizim joriy etiladi. Xususan, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, ijtimoiy xodim hamda soliq inspektori lavozimga ular bo‘ysunuvidagi tashkilotlarning taqdimnomasi asosida tuman (shahar) hokimi tomonidan tayinlanadi. Ularni lavozimidan ozod etish esa fuqarolar yig‘ini raisi taqdimnomasi orqali amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Yana bir qiziq jihat — 500 ta mahallada eksperiment tariqasida “mahalla yettiligi” vakillarini aynan o‘zi yashaydigan yoki yondosh mahalladan tayinlash amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda. Bu orqali mahalla muammosini “sirtdan kelgan odam” emas, o‘z hududini yaxshi biladigan kishi hal qilishi kerak degan tamoyil kuchayadi.

Shu bilan birga, yangi talablarni buzganlarga nisbatan qattiq nazorat ham belgilanmoqda. O‘zbekiston mahallalari uyushmasi har oy bosh vazirga mazkur tartibga rioya etmagan davlat organlari va tashkilotlari mas’ullari bo‘yicha taklif kiritib boradi. Eng keskin chora sifatida mansabdor shaxslarni lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan jazo choralari qo‘llanishi ham mumkin.

Qisqasi, “mahalla yettiligi” endi “hamma ishga yuguradigan komanda” emas, aniq vazifasi bor tizimga aylantirilmoqda. Bu esa mahallada ish ham samarali, ham adolatliroq bo‘lishiga umid uyg‘otadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Jamiyat » Mahalla yettiligiga ortiqcha yuklama qo‘yish qat’iy cheklanadi