date

Hokimliklardagi yashirin qarorlar fosh etildi: 386 tasi asossiz chiqqan...

Hokimliklardagi yashirin qarorlar fosh etildi: 386 tasi asossiz chiqqan...

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi yanvar oyida mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida qabul qilingan, jamoatchilikdan “yashirib” qo‘yilgan qaror va farmoyishlarni tahlil qildi. Gap «yashirin» yoki «xizmat doirasida foydalanish uchun» (XDFU) grifi qo‘yilgan hujjatlar haqida ketmoqda.

O‘rganishlar natijasida viloyat, tuman va shahar hokimliklari tomonidan jami 1907 ta qaror va farmoyish aynan shu asosda rasmiylashtirilgani aniqlandi. Eng muhimi, dastlabki tekshiruvning o‘zidayoq 386 ta hujjat asossiz ravishda yopiq qoldirilgani ma’lum bo‘ldi. Ya’ni grif — qog‘ozda bor, asos — havoda.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, ochiqlanmagan qarorlar ichida:

— 68 tasi tashkiliy tuzilmani tasdiqlash,

— 46 tasi mablag‘ ajratish,

— 34 tasi rag‘batlantirish,

— 156 tasi lavozimga tayinlash,

— 82 tasi boshqa masalalarga oid hujjatlardan iborat.

Ochiqlanmagan hujjatlar soni bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichlar Farg‘ona viloyatida qayd etilgan: 67 ta (44 foiz). Keyingi o‘rinlarda Xorazm — 32 ta (39 foiz), Buxoro — 58 ta (37 foiz), Qashqadaryo — 41 ta (26 foiz) va Samarqand — 38 ta (15 foiz) kelmoqda.

Shu munosabat bilan agentlik Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga asossiz yashirilgan 68 ta qaror va farmoyishni ochiqlash, shuningdek qonunbuzilish kelib chiqishiga sababchi bo‘lgan mas’ullarga nisbatan tegishli chora ko‘rish haqida taqdimnomalar kiritgan.

Ta’kidlanishicha, har bir qaror va farmoyish kesimida belgilangan tartibda huquqiy ta’sir choralari qo‘llanilishi ta’minlanadi.

Qisqasi, “XDFU” degan so‘z avtomatik ravishda “xalqdan berkitish” degani emas. Endi asossiz yopiq qarorlar ochilishi, mas’ullar esa javobgarlikni his qilishi kerak — tizimdagi ishonch ham aynan shu yerdan boshlanadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Jamiyat » Hokimliklardagi yashirin qarorlar fosh etildi: 386 tasi asossiz chiqqan...