Toshkentda yo‘l talashgan ayollar jarimaga tortildi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining 2025 yil 3 dekabrdagi ijro varaqasi asosida, yo‘l-transport hodisasi oqibatida yuzaga kelgan moddiy zararni qoplash bo‘yicha ijro ishi boshlangan.
Sudda ko‘rib chiqilgan materiallardan ma’lum bo‘lishicha, voqea ikki nafar ayol haydovchi o‘rtasida yo‘l harakatida yuz bergan. Ulardan biri ikkinchisiga yo‘l bermagani sababli transport vositalari o‘zaro to‘qnashib ketgan. Hodisadan so‘ng, haydovchilar avtomashinalardan tushib, “sen menga yo‘l berishing kerak edi” mazmunida bahs va tortishuvga kirishgan.
Sud qaroriga ko‘ra, qarzdor G. jabrlanuvchi X. foydasiga 4 700 000 so‘m miqdorida yetkazilgan moddiy zararni qoplashi shartligi belgilangan. Mazkur ijro hujjati 2026 yil 7 yanvar kuni Byuroning Olmazor tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan.
Aniqlanganidek, qarzdor avtotransport vositasini majburiy sug‘urtadan o‘tkazmagani uchun, zarar sug‘urta hisobidan emas, balki uning shaxsiy mablag‘i hisobiga qoplangan.
Ijro jarayonida qarzdorga qonun talablari to‘liq tushuntirilib, belgilangan muddatda 4 700 000 so‘m mablag‘ to‘liq to‘lab berilgan.
Shuningdek, sud yo‘l-transport hodisasidan so‘ng jamoat tartibini buzgani va o‘zaro janjal keltirgani uchun har ikki ayol haydovchiga ma’muriy jazo qo‘llagan. Ularga har biriga 2 060 000 so‘m — eng kam oylik ish haqqining 5 barobari miqdorida jarima solingan.
Natijada, moddiy zarar ham, ma’muriy jarimalar ham to‘liq undirilib, ijro hujjatlari amalda to‘liq bajarilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!