Yo‘ldagi e’tiborsizlik ikki yoshning daxshatli o‘limiga sabab bo‘ldi

Joriy yilning 9 yanvarida Jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tuman sudida 2025 yil 31 avgustiga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan og‘ir yo‘l-transport hodisasi bo‘yicha muhokama o‘tkazildi. Ushbu voqea nafaqat huquqiy, balki insoniy nuqtayi nazardan ham katta taassurot qoldirdi. Sudya Sherzod Amirovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, yo‘ldagi e’tiborsizlik ikki yoshning hayotiga zomin bo‘lgan. Sud hukmi bu fojeaning huquqiy yo‘nalishini yakunladi.
Hodisa Toshkent shahri, Yangihayot tumani, Qo‘rg‘ontepa ko‘chasida tungi soat 03:20 larda sodir bo‘lgan. 27 yoshli J.M. boshqargan «Cobalt» rusumli avtomobil belgilangan tezlik me’yoridan ancha oshib, soatiga 80-90 km tezlikda harakat qilgan. Harakat davomida telefonga qarab, diqqatsizlikka yo‘l qo‘ygan haydovchi nazoratni yo‘qotib, mashina yo‘lning ajratuvchi qismidagi temir-beton ustunga uriladi.
Hodisaga ko‘ra, ikki yoshning hayot yo‘li bir lahzada uzildi. Ular turmush qurish arafasida, to‘y rejalari, orzular va umidlarga to‘la yashab turgan yosh juft edi. Ammo, ularni manzilga olib borayotgan haydovchining mashina boshqarishdagi bee’tiborligi, yuqori tezlikda harakatlanishi va rul ortidagi bir soniyalik diqqatsizligi ikki yoshning kelajagini ham, ikki oilaning baxtini ham yo‘q qildi.
Sud tibbiy ekspertizasi old o‘rindiqda o‘tirgan yigit A.J.da bosh, ko‘krak va qorin sohalarida og‘ir jarohatlar, miya va ichki a’zolarga katta zararlar bo‘lganini aniqladi. Uning o‘pka, yurak va jigari lat yegan, butun tanasida shilinmalar va qontalashlar mavjud edi.
Avtomashinaning orqa o‘rindig‘ida o‘tirgan va A.J.ga unashtirilgan qiz M.I. ham juda og‘ir ahvolda shifoxonaga olib kelindi, besh kun davomida jonlantirish bo‘limida hayot uchun kurashdi. Ammo u ham olgan jarohatlari oqibatida 5 kundan so‘ng vafot etdi. Shu tariqa, turmush qurishni niyat qilgan ikki yosh fojiaviy ravishda hayotdan ko‘z yumdi.
Sudda marhumlarning yaqinlari bu fojea nafaqat farzandlaridan, balki kelajakdagi oila va umidlaridan ham mahrum qilishini ta’kidladi. Shuningdek, jabrlanuvchilarning huquqiy vakillari sudlanuvchi J.M. hodisadan keyin moddiy yoki ma’naviy yordam ko‘rsatmaganini ta’kidlashdi.
J.M. sudda aybiga to‘liq iqror bo‘lib, pushaymon ekanini aytdi. Sud uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan aybdor deb topdi — transport harakati xavfsizligi qoidalarini buzib, ikki nafar insonning o‘limiga sabab bo‘lgan.
Hukm bo‘yicha J.M. 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi va 3 yil davomida transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilindi. Jazo manzil-koloniyada o‘tashi belgilandi.
Sudya Sherzod Amirov ta’kidladiki, yo‘ldagi bir soniyalik e’tiborsizlik, ayniqsa telefonga chalg‘ish, butun oilalar taqdiriga ta’sir qilishi mumkin. Yo‘l qoidalari inson hayotini asrashning eng asosiy vositasidir.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!