Andijonda narkolaboratoriya fosh etildi: Alfa PVP va tropikamid topildi

Giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurash doirasida Andijon viloyatida navbatdagi tezkor tadbir o‘tkazildi. Davlat xavfsizlik xizmatining viloyat bo‘yicha boshqarmasi, Bojxona hamda Ichki ishlar organlari o‘zaro hamkorlikda Asaka tumanida maxsus chora-tadbirlarni amalga oshirdi.
Tadbir davomida 1988-yilda tug‘ilgan mahalliy fuqaroning yonidan 1 dona nomsiz sprey idishdagi noma’lum suyuqlik hamda 2 dona nomsiz dori vositalari aniqlanib, vaqtincha saqlovga olindi. Huquq-tartibot idoralari holatni chuqurroq tekshirish uchun tezkor ishlarni davom ettirdi.
Keyingi jarayonda Xo‘jaobod tumanida mazkur shaxsga tegishli xonadon ko‘zdan kechirilganda, ushbu manzilda narkolaboratoriya tashkil etilgani ma’lum bo‘ldi. Xonadondan sprey idishlardagi nomsiz suyuqliklar, oq rangli kukunsimon moddalar, kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari, shuningdek giyohvandlik moddalarini tayyorlashda qo‘llaniladigan turli anjomlar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.
Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, aniqlangan moddalar “Alfa-PVP” sintetik giyohvandlik vositasi hamda “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi moddasi ekani tasdiqlandi.
Hozirda mazkur shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, unga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Bunday holatlar yana bir bor eslatadi: sintetik giyohvandlik vositalari jamiyat uchun o‘ta xavfli tahdid. Huquq-tartibot idoralari esa noqonuniy aylanmaga qarshi choralarni kuchaytirib, bunday sxemalarga barvaqt chek qo‘yishga qaratilgan ishlarni izchil davom ettirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!