Madaniyat vazirligi vazirning to'yda kuylab pul olgani aks etgan video yuzasidan izoh berdi

Madaniyat vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, vazir Ozodbek Nazarbekov to'y marosimida qo'shiq ijro etib, mehmonlardan pul olayotgani tasvirlangan video yuzasidan munosabat bildirdi. Idoraga ko'ra, holat milliy urf-odatlarga mos bo'lib, amaldagi qonunchilik talablarini buzmaydi.
Kun.uz vazirlik matbuot xizmati rahbari Sirojiddin Usarovga tayanib yozishicha, video 2025 yil 25 oktyabr kuni vazirlik xodimlaridan birining to'yida olingan. Uning aytishicha, vaziyat oldindan rejalashtirilmagan.
Vazirlik izohida ta'kidlanishicha, bunday holatda vazirning uzatilgan pulni olmasligi marosim ishtirokchilarini noqulay ahvolga solishi, bu esa hurmatsizlik yoki mensimaslik sifatida qabul qilinishi mumkin edi.
Shuningdek, vazirlik to'ylarda ijrochilarga pul berish qonun bilan taqiqlanmagani, bu esa asrlar davomida shakllangan milliy an'ana va madaniy qadriyatlarning bir qismi ekanini qayd etdi. Idora bunday amaliyot o'zbek udumlari doirasida mumkinligini bildirdi.
Vazirlik Ozodbek Nazarbekov nafaqat vazir, balki taniqli xonanda, O'zbekiston, Qoraqalpog'iston, Tojikiston va Qirg'iziston xalq artisti, shuningdek O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi ekanini eslatdi. Uning kasbiy faoliyati milliy qo'shiqchilik san'ati bilan bevosita bog'liq bo'lgani uchun to'ydagi holat ham aynan shu kontekstda baholanishi lozimligi aytildi.
Idora vakillari, davlat lavozimida ishlashidan qat'i nazar, insonni o'z kasbidan butunlay ajratib bo'lmasligini qo'shimcha qildi.
Kun.uz xabariga ko'ra, ushbu epizod bo'yicha Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Madaniyat vazirligiga tegishli taqdimnoma kiritgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!