Namanganda yirik miqdorda qalbaki pul savdosi fosh etildi

Namangan viloyati Chortoq tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida qalbaki banknotlarni muomalaga kiritish bilan bog‘liq holat fosh etildi. Tadbir Davlat xavfsizlik xizmati hamda ichki ishlar organlari hamkorligida amalga oshirilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Andijon viloyati Asaka tumanida istiqomat qiluvchi, 2005 yilda tug‘ilgan fuqaro “shartli xaridor”ga 200 dona 100 ming so‘mlik va 125 dona 200 ming so‘mlik qalbaki banknotlarni jami 18 million so‘m evaziga sotish vaqtida qo‘lga olingan.
Tekshiruv jarayonida gumonlanuvchining yonidan qo‘shimcha ravishda 100 ming so‘mlik kupyuralardagi 5 million so‘m miqdoridagi qalbaki pullar ham aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.
Shuningdek, uning yashash manzili ko‘zdan kechirilganda, qalbaki pul tayyorlashda foydalanilgan deb taxmin qilinayotgan noutbuk, rangli printer, maxsus bo‘yoqlar va qog‘oz mahsulotlari musodara qilingan.
Qayd etilishicha, ushbu shaxs avval ham xuddi shunday turdagi jinoyat sodir etgani uchun sudlangan bo‘lgan.
Ayni paytda unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 176-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchiga nisbatan “qamoq” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda ish yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!