Toshkentda bugun City Mallda tutun: FVV izoh berdi

Bugun, 16 fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtdagi savdo-ko‘ngilochar majmua hududida yong‘in chiqqan, degan xabarlar keng tarqaldi.
Aslida esa gap yong‘in haqida emas. Ma’lum bo‘lishicha, voqea joyi — Toshkent shahrining Shayxontohur tumani, Botir Zokirov ko‘chasida joylashgan mazkur markaz atrofida Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan rejali o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilgan.
Vazirlik matbuot xizmati tarqatgan axborotga ko‘ra, mashg‘ulotlar bugun, 16 fevral kuni soat 15:00 da tashkil etilgan.
Shu munosabat bilan FVV fuqarolar, blogerlar va ijtimoiy tarmoqlar sahifalari ma’murlariga murojaat qilib, o‘quv mashqlari jarayonida olingan video va fotomateriallarni noto‘g‘ri talqin qilmaslikni so‘radi.
Ma’lum qilinishicha, aholi o‘rtasida asossiz sarosima kelib chiqmasligi uchun faqat ishonchli manbalarda berilgan rasmiy ma’lumotlardan oqilona va to‘g‘ri foydalanish lozim.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!