Joriy yilning 25 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobi va Tabiat muhofazasi xalqaro uyushmasiga kiritilgan 19 ta lochin Toshkent viloyati hududida tabiat qo‘yniga qo‘yib yuborish tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hamda “Tugan Falconry Club” jamiyati tasarrufidagi yovvoyi va noyob qushlarni saqlash va ko‘paytirishga ixtisoslashgan buyurtmaxona tashabbusi bilan tashkil etildi, deb yozadi 1news.uz nashri.
Unda, Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi mas’ullari, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining o‘simlik va hayvonot dunyosi genofondi instituti, “Davbionazorat” inspeksiyasi, “Tugan Falconry Club” jamiyati tasarrufidagi yovvoyi va noyob qushlarni saqlash va ko‘paytirishga ixtisoslashgan buyurtmaxona xodimlari, ornitologlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
2016 yilning avgust oyida lochinlar turiga kiruvchi – itolg‘i lochin qushlari brakonerlardan tortib olindi va muhofaza uchun “Davbionazorat” inspeksiyasiga topshirildi.
Qushlarni topshirish vaqtida o‘simlik va hayvonot dunyosi genofondi instituti mutaxassislari tekshiruvdan o‘tkazishgan. Tekshiruv natijalariga ko‘ra ularning ahvoli qoniqarsiz deb topilgan. Shu bois, ularni tabiat qo‘yniga qo‘yib yuborish, ularning hayotini xavf ostiga qo‘yish bilan barobar ekanligi ta’kidlangan.
Eslatib o‘tish joizki, keyingi yillar davomida biologik xilma-xillikni muhofaza qilish, tabiiy resurslarni qayta tiklash maqsadida mamlakat hududida 7 ta pitomnik tashkil qilinib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Surxondaryo, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida pitomniklarni rivojlantirish bo‘yicha ishlar olib borildi. Ularga uslubiy va moddiy-texnik yordam ko‘rsatildi.
“Tugan Falconry Club” jamiyati ham 2014 yilda tashkil etilgan bo‘lib, 2015 yildan lochinlarni va yirtqich qushlarni himoya qilish xalqaro assosiasiyasining to‘laqonli a’zosi hisoblanadi. Jamiyat tomonidan O‘zbekistan Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish Davlat qo‘mitasining Davbionazorat inspeksiyasi hududida “Qizil kitob”ga kiruvchi yirtqich qushlar – lochinlarning noyob turlaridan itolg‘i (baloban) va sapsan lochinlarini reabilitasiya qilish va saqlab qolish maqsadida pitomnik qurilgan edi. Yangi, zamonaviy materiallar, volerlar hamda 24 soatlik videokuzatuv bilan jihozlangan pitomnik brakonerlardan zarar ko‘rgan qushlar uchun “ikkinchi uy” bo‘lib qoldi. Tabiatni muhofaza qilish Davlat qo‘mitasi inspektorlari tomonidan qonunbuzarlardan ozod qilingan qushlar “Tugan Falconry Club” jamiyati pitomnigida to‘liq reabilitasiyadan o‘tadi.
Davlat biologik nazorat inspeksiyasi bilan yaqindan hamkorlik qilib, jamiyat tomonidan tabiiy sharoitda tutilgan lochinlar reabilitasiyadan o‘tgach, ona tabiat bag‘riga qo‘yib yuboriladi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, lochinlarning tarqalishi ozuqa resurslariga bog‘liq. Qushlarni qo‘yib yuborish, aynan ularni og‘ir tabiiy sharoitlarda yashab ketishi uchun kerakli ozuqa bazasi mavjud bo‘lgan davrga to‘g‘ri kelishi kerak.
Tabiatga qo‘yib yuborilgan qushlarni, ularning migrasiya yo‘llarini hamda tabiiy sharoitlarga moslashtirish jarayonini kuzatib borish yangi ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazish uchun yaxshi platforma bo‘lib xizmat qiladi. Bunday ilmiy-amaliy tadqiqotlar natijalari yovvoyi yirtqich qushlarni ko‘paytirish pitomniklarida faoliyatni ilmiy asoslangan tarzda tashkil qilishning poydevori bo‘lib xizmat qiladi.
“Tugan Falconry Club” jamiyati pitomnigida dunyoga kelgan qush bolalari tug‘ilganida echilmaydigan va jamiyat belgisi tushirilgan baldoq bilan xalqalanadi. Bunday xalqalar yosh qushlarni brakonerlardan himoya qiladi. Agar qushlar noqonuniy yo‘l bilan olib chiqib ketilayotgan bo‘lsa, ularni oson ajratib olish mumkin. Yovvoyi hayvonlarni, shu jumladan, “Qizil kitob”ga kiritilgan qushlarni O‘zbekiston Respublikasi tashqarisiga olib chiqib ketish uchun bir Davbionazorat va O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining tegishli ruxsatnomasini olish lozim bo‘ladi.
Pitomnikda tug‘ilgan lochinlarni samarali reintroduksiya qilish va qush bolalarini ovlash bo‘yicha tabiiy ko‘nikmalarini shakllantirish uchun uchish maydoni zarur. Shunday maydonni qurish yirtqich qushlarning tez va oson tarzda o‘z kuchi bilan ozuqa topishga o‘rgatish hamda yaqin-atrofida odamlar bo‘lishiga ko‘nikib qolmasligiga imkon yaratadi.
O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Axborot xizmati bildirishicha, kelgusida “Tugan Falconry Club” jamiyati Tabiatni muhofaza qilish Davlat qo‘mitasi ko‘magida ana shunday joyni qurishni rejalashtirgan. “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Ramzan Qodirov G‘arb davlatlariga hujum qilishga chaqirdi: “Haqiqiy urush qandayligini his qilishsin”
Turkiya o‘zining birinchi kvant kompyuterini taqdim etdi
Metabolizm sekinlashganining belgilari
Har payshanba jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilanadi
Superliga. OKMK safarda "Paxtakor"ni mag‘lub etdi va 11 yillik qora an’anaga chek qo‘ydi
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi