Olmazor tumanida noqonuniy qimorxona fosh etildi

Toshkentning Olmazor tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida noqonuniy qimor faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, 1998 yilda tug‘ilgan shaxs Olmazor tumanidagi Dilsaroy ko‘chasida joylashgan xonadonlardan birida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni noqonuniy ravishda tashkil qilib kelgan. U yerda qimor o‘yinlari uchun maxsus sharoit yaratib berilgani ham fosh etildi.
O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida voqea joyidan naqd pullar, rezina tayoq hamda o‘yin kartalari daliliy ashyo sifatida musodara qilindi.
Gumonlanuvchining aytishicha, u bir necha oy davomida tanishlari bilan qimor o‘yinlarini yo‘lga qo‘ygan. “Qilgan ishimdan afsusdaman. Bu ish noqonuniy ekanini bilardim, ammo o‘sha paytda shaxsiy ehtiyojlarim uchun pul zarur edi. Bunday yo‘lni hech kimga tavsiya qilmayman”, deya izoh bergan u.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 278-moddasi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!