05:56 / 05.04.2017
11 415

Prezident qarori: bu yilgi 9 may boshqacha nishonlanadi

Prezident qarori: bu yilgi 9 may boshqacha nishonlanadi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Inson, millat va xalq tarixiy xotira tuyg‘usi bilan barhayotdir. Xotira – kechagi o‘tmishni, ajdodlar o‘gitini, milliy merosimizni anglatib turuvchi – muqaddas kitob zarvaraqlaridek hayotimizni yoritib turadi. Qadr – insonni yuksaklikka ko‘taradi, uning faoliyatiga, orzu-intilishlariga, maqsad-maslaklariga olijanoblik bag‘ishlaydi.

Bukilmas iroda va jasorat namunasini amalda namoyon etib, o‘z hayotini aziz Vatanimizning har tomonlama ravnaq topishi, bugungi tinch va osoyishta kunlar uchun jonini fido qilgan ajdodlarning muqaddas xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish, safimizda yurgan keksalarni e’zozlash – odamiylikning eng oliy me’zoni va bizga tinchlik, omonlik kerak, deb yashaydigan bag‘rikeng va olijanob xalqimizga xos azaliy qadriyatdir.

Mamlakatimizda 9 may umumxalq bayrami – Xotira va qadrlash kunini, Ikkinchi jahon urushining har bir qatnashchisi, front orti mehnat faxriylari hamda mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining xotirasi oldida hurmat bajo keltirish, yurtimizda mehr-oqibat, hamjihatlik, insoniylik, bag‘rikenglik va xayr-saxovat muhitini yanada mustahkamlash, yosh avlodni milliy an’analarimizga sadoqat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida kamol toptirish hamda bu muqaddas ayyomni yuksak saviyada nishonlash maqsadida:

1. Xotira va Qadrlash kuniga bag‘ishlangan tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish Dasturi (keyingi o‘rinlarda – Dastur) 1-ilovaga muvofiq ma’qullansin.

2. Xotira va Qadrlash kuniga bag‘ishlangan tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruh tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Ishchi guruh (A.Aripov):

Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarni “Qahramonlik, burch va fidoyilik” hamda “Ajdodlarni xotiralash – muqaddas qadriyat” shiorlari ostida yuqori saviyada o‘tkazishni tashkil etsin;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning sifatli o‘tkazilishini ta’minlasin va joylarga chiqib, Xotira va Qadrlash kuniga bag‘ishlangan tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga amaliy yordam ko‘rsatsin;

1941-1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushining har bir qatnashchisiga, front orti mehnat faxriylariga, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining oila a’zolariga moddiy, ma’naviy va boshqa turdagi yordamlar ko‘rsatish maqsadida tegishli vazirlik va idoralar, tashkilot va harbiy qismlar vakillari biriktirilsin hamda ushbu toifadagi shaxslarni qutlash va ko‘nglini ko‘tarish maqsadida ularning yashash joyiga rahbarlarning tashrifini tashkil etsin;

yolg‘iz va kam ta’minlangan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari turar joyi va uy xo‘jaliklarini ta’mirlash, obodonlashtirish hamda o‘z uy-joyiga ega bo‘lmaganlariga turar-joy ajratish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin;

Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish davomida 1941-1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushi va front orti mehnat faxriylari, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari ko‘rsatgan matonati, mardlik va jasorati ahamiyatini keng aholi qatlami, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida tushuntirish, targ‘ib va tashviq etish bo‘yicha madaniy-ma’rifiy va vatanparvarlik yo‘nalishidagi tadbirlar o‘tkazilishini tashkil qilsin;

1941-1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan bir martalik pul mukofotini tantanali ravishda topshirsin.

4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federasiyasi, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi, “Nuroniy” jamg‘armasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati va “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi bilan hamkorlikda:

viloyat, shahar va tumanlarda Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va amalga oshirsin;

Ikkinchi jahon urushi vaqtidagi kompozisiyalar installyasiyasi, jumladan, urush yillari qo‘shiq va musiqalari, dasturxon tuzash va tegishli sharoitlar yaratish bilan bog‘liq tadbirlarni tashkil etsin;

ko‘cha va maydonlarni Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan plakat va stendlar bilan bezashni ta’minlasin.

5. Belgilab qo‘yilsinki, o‘tkaziladigan bayram tadbirlari hamda mamlakatimizning turli hududida istiqomat qiluvchi 1941-1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushi va front orti mehnat faxriylari vakillarini Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan marosimlarga temir yo‘l yoki avtomobil transportida kelib-ketishi, mehmonxonalarda joylashishi, ovqatlanishi, madaniy hordiq chiqarishi hamda zarur hollarda kiyim-kechak bilan ta’minlanishi:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda mahalliy byudjetlar hamda homiylik xayriyalari hisobidan;

Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi byudjeti va Toshkent shahar mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan teng ulushlarda qoplanadi.

6. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Xotira va Qadrlash kuni munosabati bilan Toshkent shahrida 2017 yil 9 may soat 21.00 da bayram salyutini tashkil qilsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tadbirlar o‘tkaziladigan joylarda jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlasin.

8. O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, “Jahon” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Xotira va Qadrlash kuni o‘tkazilishiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni keng yoritib borish tavsiya etilsin.

9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2017 yil, 4 aprel

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Prezident qarori: bu yilgi 9 may boshqacha nishonlanadi