Toshkentda “zakladchik” qo‘lga olindi

Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida giyohvandlik moddalarini “zakladka” usulida tarqatib yurgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi ma’lum qildi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, huquq-tartibot organlari tomonidan Artyom ismli fuqaro tekshirilganda, uning yonidan 20 dona qora yelimga o‘ralgan “gashish” moddasi aniqlangan. Shundan so‘ng gumonlanuvchining mobil telefoni ko‘zdan kechirilganda, yana 14 ta turli manzilda yashirilgan giyohvandlik vositalarining joylashuvi (lokatsiyasi) topilgan.
Tezkor tadbirlar davom ettirilib, uning yashash xonadoni ham tekshirildi. Natijada u yerdan 28 dona ko‘k rangli va 9 dona qora rangli o‘ramlarda qadoqlangan giyohvandlik moddalar, shuningdek, elektron tarozi va boshqa daliliy ashyolar aniqlanib, musodara qilindi.
Gumonlanuvchi o‘z ko‘rsatmasida ushbu noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanganini tan olib, yoshlarga murojaat qilgan:
“Meni ushlashganda yonimda giyohvandlik moddasi bor edi. Uyimdan ham topildi. Barcha tengdoshlarimga bu yo‘ldan yurmaslikni tavsiya qilaman, bu ishning oxiri yomon bo‘ladi”, — deya bildirib o‘tgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda gumonlanuvchiga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Mutasaddilar bu kabi jinoyatlarga qarshi kurash izchil davom ettirilishini ta’kidlab, fuqarolarni hushyor bo‘lishga chaqirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!