date
add favorites

Pora bilan ish bitirmoqchi bo‘lganlar qo‘lga tushdi

Foto: Xavfsizlik

O‘zbekistonning bir qator hududlarida ishga joylashtirish, turli ruxsatnomalar tayyorlab berish va nafaqa masalalarini hal qilish bilan bog‘liq korrupsion holatlar fosh etildi. Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida bir nechta mansabdor va vositachilarning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.

Ma’lum qilinishicha, Xorazm viloyatida qayd etilgan holatda Ichki ishlar boshqarmasining Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi kichik inspektori fuqaroning ishonchiga kirib, uning tanishini ichki ishlar organlariga ishga joylashtirib berishni va’da qilgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u mazkur xizmat evaziga 4500 AQSH dollari talab qilgan. Tezkor tadbir vaqtida esa inspektor oldindan 1800 dollar va 2,4 million so‘m olgan paytida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Toshkent viloyatida kuzatilgan holatda esa tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi metodisti xususiy oilaviy bog‘cha ochmoqchi bo‘lgan fuqarodan turli ruxsatnomalarni rasmiylashtirib berish uchun pul talab qilgan.

Xabarlarga ko‘ra, u xonadonning sanitariya talablariga mosligi bo‘yicha hujjat tayyorlab berish uchun 1,5 million so‘m, yong‘in xavfsizligi talablari bo‘yicha ijobiy xulosa olib berish uchun esa 200 AQSH dollari so‘ragan.

Tezkor tadbir jarayonida metodist pul mablag‘ini olayotgan vaqtda qo‘lga olindi. Shuningdek, tadbir davomida undan 200 dollar olgan vaqtida tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi katta inspektorining ham noqonuniy harakatlari fosh qilindi.

Shunga o‘xshash holat Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham aniqlangan. Xususan, Chimboy tumanida yashovchi ayol Kegeyli tumani fuqarosiga yoshga doir nafaqa tayinlanishi uchun uning ish stajini sun’iy ravishda ko‘paytirib berishni va’da qilgan.

Ushbu xizmat evaziga 7 million so‘m olgan vaqtida ayol qo‘lga olingan. Tergov jarayonida ma’lum bo‘lishicha, u bu ishni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligida mas’ul lavozimda ishlovchi o‘g‘li orqali amalga oshirishni rejalashtirgan.

Hozirda mazkur uchala holat bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda. Mutaxassislar korrupsiya va poraxo‘rlikka qarshi kurashish bo‘yicha tezkor tadbirlar kelgusida ham izchil davom ettirilishini ta’kidlamoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Pora bilan ish bitirmoqchi bo‘lganlar qo‘lga tushdi