Surxondaryoda 16 yoshli o‘quvchi onasining mashinasida halokatga uchradi

Surxondaryoda 16 yoshli o‘quvchi onasining mashinasida halokatga uchradi

Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida voyaga yetmagan o‘quvchi onasiga tegishli Cobalt avtomobilini boshqarib, yo‘l-transport hodisasiga uchradi. Oqibatda uning sinfdoshi halok bo‘ldi, haydovchining o‘zi esa og‘ir ahvolda shifoxonaga olib ketildi.

Viloyat Yo‘l-harakat xavfsizligi boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa 9 oktyabr kuni taxminan soat 01:00 da «Navro‘z» mahallasi hududidan o‘tuvchi D166 «Termiz shahri — Namun — Termiz xalqaro aeroporti» avtomobil yo‘lining 11-kilometrida sodir bo‘lgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Termiz shahridagi 25-maktabning 10-sinf o‘quvchisi bo‘lgan, haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan o‘smir onasining Cobalt avtomobilini yuqori tezlikda boshqargan. Tajribasizlik oqibatida u mashinani nazorat qilishni yo‘qotib, yo‘l o‘rtasidagi yoritish ustuniga urilib ketgan.

Yo‘l-transport hodisasi natijasida haydovchi og‘ir jarohatlar bilan jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Avtomobil salonida bo‘lgan, 2010 yilda tug‘ilgan uning sinfdoshi esa voqea joyida vafot etgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Termiz tumani ichki ishlar bo‘limi tergov guruhi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hodisa sabablari va barcha tafsilotlar o‘rganilmoqda.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar