Andijonda 38,3 mlrd so‘mlik keshbek talon-toroj qilindi

Andijon viloyatida 38,3 mlrd so‘m budjet mablag‘ini keshbek ko‘rinishida talon-toroj qilish holati aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ma’lum qildi.
Departamentning Andijon viloyati boshqarmasi o‘tkazgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro Yo.Q. va boshqalar o‘zaro til biriktirgani aytilmoqda.
Tekshiruv ma’lumotlariga ko‘ra, ular beshta mas’uliyati cheklangan jamiyat nomiga boshqa korxonalar tomonidan 2,2 trln so‘mlik mahsulot yetkazib berilgani haqida soxta elektron hisob-fakturalar rasmiylashtirgan.
Shundan so‘ng, go‘yo savdodan tushgan mablag‘lar nazorat-kassa mashinalari orqali kirim qilingan va mahsulotlar aholiga sotilgani haqida xarid cheklari chiqarilgan.
Ushbu cheklar asosida 94 921 nafar fuqaro, jumladan, ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan shaxslarga «Soliq Mobile» ilovasi orqali keshbek to‘lovlari amalga oshirilgan.
Natijada 38,3 mlrd so‘m budjet mablag‘i o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilingani aniqlangan.
Holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 167-moddasi, ya’ni o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish hamda 228-moddasi, ya’ni hujjatlarni qalbakilashtirish va ulardan foydalanish alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.































Izohlar 0
…