Qiynoqqa solingan g‘azolik mahbus surati ortidagi achinarli haqiqat

Qiynoqqa solingan g‘azolik mahbus surati ortidagi achinarli haqiqat

Isroil harbiylari tomonidan hibsga olingan g‘azolik erkakning qo‘llari, ko‘zlari va tanasi bog‘langan, o‘zi esa uzun yog‘och tayoq yordamida karavotga yuztuban mahkamlangan holda aks etgan surat ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. Mazkur tasvir katta muhokamalarga sabab bo‘lganidan so‘ng Isroil rasmiylari ichki surishtiruv ishlarini boshlaganini ma’lum qildi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.

Tarqalgan suratda g‘azolik erkak yechintirilgan va karavotga yuztuban bog‘lab qo‘yilgan holda tasvirlangan. Isroil tomoni ushbu surat haqiqiy ekanini tasdiqlar ekan, bunday holat mamlakat harbiylarining xizmat qadriyatlari va qoidalariga mutlaqo mos kelmasligini bildirdi. Shu bilan birga, rasmiylar hozirgacha suratdagi shaxsning kimligi va u qayerda saqlanayotganiga oid ma’lumotlarni oshkor qilmadi.

Ma’lum bo‘lishicha, surat Instagram ijtimoiy tarmog‘iga ibroniy tilidagi «Xayrli tong» yozuvi bilan joylashtirilgan. Keyinchalik esa ushbu post egasining akkaunti o‘chirib tashlangan. Isroil armiyasi voqea yuzasidan tekshiruv olib borilayotgani va aybdorlar aniqlansa, ular qonun oldida javob berishi mumkinligini ma’lum qildi.

Suratni ko‘rgan Abu Nassar undagi erkak uning o‘g‘li — Usama ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘g‘lini tanasidagi belgilari orqali tanib olgan.

«Men uning tanasidagi har bir belgini yaxshi bilaman. O‘g‘limning oyog‘ida shish va chandiqlar bor edi. Suratdagi erkakning chap oyog‘ida ham xuddi shu belgilarni ko‘rdim», — dedi u.

Yaqinlarining aytishicha, Usama joriy yilning mart oyida Isroil va HAMAS o‘rtasidagi sulh davrida “Sariq chiziq” yaqinida qo‘lga olingan. U 19 mart kuni 1,5 yoshli farzandi bilan birga ushlangan. Kichik bola o‘sha kuniyoq ozod qilingan, biroq qarindoshlari uning oyoqlarida sigaret kuydirilganiga o‘xshash jarohat izlari bo‘lganini iddao qilgan.

Isroil harbiylari esa chaqaloqqa nisbatan zo‘ravonlik qo‘llangani haqidagi ayblovlarni rad etdi. Armiya ma’lumotiga ko‘ra, bolaning oyoqlaridagi izlar askarlar Usamani “Sariq chiziq”qa yaqinlashishdan to‘xtatish uchun otgan ogohlantiruvchi o‘qlar oqibatida paydo bo‘lgan. Hozircha mazkur voqea yuzasidan surishtiruv ishlari davom etmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar