Xavfsizlik kamarini kimlar taqmasligi mumkin?

O‘zbekistonda haydovchi va old o‘rindiqdagi yo‘lovchi avtomobil harakatini boshlashdan oldin xavfsizlik kamarini taqishi shart. Biroq qonunchilikda ayrim shaxslar va vaziyatlar uchun bu talabdan istisnolar ham belgilangan.
Qoida konstruksiyasida xavfsizlik kamari nazarda tutilgan barcha transport vositalariga taalluqli.
12 yoshgacha bo‘lgan bolalarga istisno bor
Avtomobilning orqa o‘rindig‘ida o‘tirgan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar xavfsizlik kamarini taqish majburiyatidan ozod etilgan.
Biroq bu bolaning xavfsizligiga e’tibor bermaslik mumkin degani emas. Uni yoshi va vazniga mos maxsus bolalar o‘rindig‘i yoki boshqa ushlab turuvchi vositalardan foydalangan holda tashish xavfni kamaytiradi.
Homilador ayollar va ayrim bemorlar
Homilador ayollarga xavfsizlik kamarini taqmaslikka ruxsat berilgan.
Shuningdek, sog‘lig‘i tufayli kamardan foydalana olmaydigan bemorlar ham ushbu talabdan ozod etiladi. Bunda insonning tibbiy holati xavfsizlik kamarini taqishga to‘sqinlik qilishi nazarda tutiladi.
Instruktorlarga ham ruxsat berilgan
O‘quvchi o‘quv-mashq transport vositasini boshqarayotgan vaqtda amaliy mashg‘ulot instruktori xavfsizlik kamarini taqmasligi mumkin.
Bu istisno avtomototransport yoki shahar elektr transportini boshqarishni o‘rgatuvchi instruktorlarga tegishli.
Maxsus xizmat transportlari
Xizmat vazifasini bajarayotgan ayrim maxsus transport vositalari haydovchilari va yo‘lovchilariga ham kamar taqmaslikka ruxsat etiladi.
Bunday transport:
ko‘k yoki qizil yaltiroq mayoqcha bilan jihozlangan;
maxsus rangli bo‘yoq sxemasiga ega;
tegishli xizmat yozuvlari tushirilgan bo‘lishi kerak.
Istisno faqat ular xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtda amal qiladi.
Qolganlar uchun kamar taqish majburiy
Yuqoridagi holatlardan tashqari, transport vositasi haydovchisi va old o‘rindiqdagi yo‘lovchi xavfsizlik kamarini taqishi shart.
Bu talab oddiy rasmiyatchilik emas. Kamar yo‘l-transport hodisasi vaqtida og‘ir jarohatlanish va halok bo‘lish xavfini kamaytirishga qaratilgan. Shuning uchun avtomobilni harakatga keltirishdan oldin bir necha soniya ajratib, kamarni taqish eng oddiy, ammo eng muhim xavfsizlik choralaridan biridir.































Izohlar 0
…