Uy xizmatchisi 91 yoshli ayolni muntazam qiynab kelgani fosh bo‘ldi

Toshkent shahrida 91 yoshli ayolga qarash uchun yollangan uy xizmatchisining bir necha oy davomida keksa ayolga nisbatan zo‘ravonlik qilgani sudda o‘z tasdig‘ini topdi. Holat yashirin kuzatuv kameralaridagi tasvirlar orqali fosh bo‘lgan.
Sud hukmiga ko‘ra, 33 yoshli ayol uy yumushlarini bajarish va keksa ayolga qarash uchun ishga olingan. Biroq u taxminan 3–4 oy davomida uy egalaridan yashirincha 91 yoshli ayolni muntazam kaltaklab, unga tan jarohatlari yetkazib kelgan.
Ojiz ahvoldagi ayol boshidan kechirayotgan zo‘ravonlik haqida yaqinlariga ayta olmagan. Sudlanuvchi sud jarayonida aybiga to‘liq iqror bo‘lib, doimiy ishlardan charchagani sabab o‘zini tuta olmaganini bildirgan.
Uning ko‘rsatmasiga ko‘ra, zo‘ravonlik 2026 yil 19 martga qadar davom etgan. Uy xizmatchisi keksa ayolning bosh, bo‘yin va qo‘l qismlariga urib, muntazam ravishda tan jarohati yetkazganini tan olgan.
19 mart kuni ertalab u yana ayolni kaltaklagan. Oradan ko‘p o‘tmay, xonaga buvining nabirasi kirib, uning holidan xabar olgan. Keksa ayol hech narsa deya olmagan, faqat ko‘z yosh to‘kkan. Aynan shu holat yaqinlarida shubha uyg‘otgan.
Shundan so‘ng uy egalari xonadonga o‘rnatilgan yashirin kuzatuv kameralaridagi yozuvlarni tekshirgan va uy xizmatchisining zo‘ravonlik qilayotganini ko‘rgan. Ushbu tasvirlar keyinchalik tergov uchun muhim dalil bo‘lib xizmat qilgan.
Sud qaroriga ko‘ra, ayol qiynash jinoyatini sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga nisbatan 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.






























Izohlar 0
…