Surxondaryoda o‘rmon yerlaridan noqonuniy foydalanish aniqlandi

Surxondaryodagi “Bobotog'” davlat o'rmon xo'jaligida o'rmon yaylovlaridan belgilangan me'yordan ortiq yoki ruxsatsiz foydalanish holatlari aniqlandi. Nazorat davomida 1 854 bosh qo'y va 667 bosh katta yoshli echki noqonuniy yoki me'yoridan ortiq boqilgani, jumladan Sariosiyo tumanida bir fuqaro ruxsatsiz ravishda 508 bosh qo'y va 248 bosh echki boqqani ma'lum bo'ldi. Buning oqibatida o'simlik dunyosiga 290 million 171 ming 600 so'm miqdorida zarar yetkazilgan.
Surxondaryo viloyatidagi “Bobotog‘” davlat o‘rmon xo‘jaligi hududida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida ekologik qonunchilik talablarining buzilishi bilan bog‘liq holatlar aniqlandi.
Viloyat Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi hamda boshqa mas’ul tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilgan tekshiruvlarda Uzun, Denov va Sariosiyo tumanlaridagi ayrim fuqarolar o‘rmon yaylovlaridan foydalanish bo‘yicha tuzilgan shartnomalarda ko‘rsatilgan me’yordan ortiq miqdorda chorva mollari boqayotgani ma’lum bo‘lgan.
Xususan, Sariosiyo tumanida bir fuqaro davlat o‘rmon fondi yerlaridan hech qanday ruxsatsiz foydalanib, 508 bosh qo‘y va 248 bosh echki boqib kelgani aniqlangan.
Umuman olganda, nazorat davomida 1 854 bosh qo‘y va 667 bosh katta yoshli echkining belgilangan me’yorlardan ortiq yoki tegishli ruxsatsiz boqilgani qayd etilgan. Mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, buning natijasida o‘simlik dunyosiga 290 million 171 ming 600 so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
Aniqlangan holatlar bo‘yicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, qonuniy baho berish uchun prokuratura organlariga yuborilgan.






























Izohlar 0
…