Oilaviy masalalarda ko‘pchilik uy bekalari xat va qo‘ng‘iroqlar bilan murojaat qilishadi. Ulardan ayrimlariga psixoterapevt Zebuniso AHMEDOVA javob beradi.
Turmush o‘rtog‘imni barchadan, hattoki hamkasabalaridan ham qizg‘anaman. Rashkim tufayli o‘rtamizda tez-tez janjal chiqadi. Alam qiladigani turmush o‘rtog‘im xafa bo‘lsam, ovutmaydilar ham. Rashk olovida yonib, kul bo‘lyapman. Maslahat bering…
Nargiza Toshbekova, Toshkent shahri
Ruhshunos maslahati: Oilada rashk bo‘lgani yaxshi, ammo u ham me’yorida bo‘lgani tuzuk. Shu tufayli nizolar kelib chiqayotgan bo‘lsa, albatta uning sabablarini o‘rganib chiqish kerak bo‘ladi. Rashk nimadan kelib chiqadi? Mehr-e’tibor etishmasligidan va insonning o‘ziga ishonchi yo‘qligidan. Er agar ayoliga etarlicha mehr bera olmayotgan bo‘lsa, ayol rashk qiladi. Unda: “Menga tegishli bo‘lgan mehr kimgadir ketib qolyapti”, degan tushuncha paydo bo‘ladi. Bunda nafaqat ayolning balki erkakning ham aybi bor. U ayoliga etarlicha e’tibor ko‘rsatmayapti. E’tibor deb ko‘pchilik erkaklar ayolga nimadir olib berishni tushunishadi. Ammo uni mehr bilan birga bermasa, ayol buni ham sezadi. Uy bekalariga rashk yana qachon paydo bo‘ladi? O‘zidan qoniqmaganda. O‘zini boshqa ayollar oldida past sezdimi, tamom, u rashk qilishni boshlaydi. Inson har doim o‘ziga yuqori baho berishi kerak. Boshqa ayollar uni engib qo‘yishidan qo‘rqib yashash ham kuchli rashkka sabab bo‘ladi. Shuning uchun ayollar be’mani xayollarga berilib, o‘zlarini siqmasliklarini, undan ko‘ra tashqi ko‘rinishlariga alohida e’tibor berib, turmush o‘rtog‘i ishdan kelganda uni uyda xuddi biror bayramni kutib olayotgandek qarshi olishga odatlanmoqlari kerak.
***
Turmush o‘rtog‘im ish vaqti tugagandan keyin ham, negadir uyga kelishga shoshilmaydilar. Erkaklarning uyga shoshilmasligi sababi nimada?
Dilrabo Yo‘ldosheva, Samarqand viloyati
Ruhshunos maslahati: Er uyga kelishga shoshilmayotgan bo‘lsa, demak, uyda u kutgan narsa yo‘q. Yoki erkak o‘ziga nima kerakligini o‘zi ham yaxshi anglab etgani yo‘q. Yana shu istakni uyda o‘zi ham yarata olmaydi. Uchinchisi, u istagan narsa ishxonaning o‘zida bor. Xotin nimaga erini ishdan qaytmayotganligi sababini o‘ylab ko‘rishi kerak. Balki uy bolalarning shovqin-suroniga to‘ladir. Agar er shu sababdan uyga shoshilmasa, plakatga bolalar bilan to‘la uy, sochilgan o‘yinchoqlar, ko‘p kishilik to‘kin dasturxonning rasmini chizish kerak. Yana bir suratda esa bolalarsiz shinam uy, sokinlik hukm surgan sovuqlik aks etgan rasmni chizish lozim bo‘ladi. Bolalar bilan yashashning o‘zi katta baxt ekanligini erning ongiga singdirish kerak. Qolaversa, hammaning o‘z orzu-niyatlari bo‘ladi. Kimningdir eng asosiy niyati oila bag‘rida bo‘lishga intilish, yana kimdir ishida har-xil yutuqlarga erishishni maqsad qilgan bo‘ladi. Nima bo‘lgan taqdirda ham xotin baqir-chaqir qilib, janjal chiqarmasligi kerak. Eriga har doim shirin muomalada bo‘lsa, qachondir erning ham ko‘ngli yumshaydi va xotinini uyimning malikasi deb e’zozlaydi.
***
Turmush o‘rtog‘im menga butunlay beparvo. Uyga kelishi bilan televizorga “yopishib” oladi. Qanaqa kiyim kiyganim, qanday pardoz qilganim uning uchun muhim emas. Erimning e’tiborini qozonish uchun qanday yo‘l topishni bilmayapman.
Hilola Hotamova, Andijon shahri
Ruhshunos maslahati: Oilada uchta bosqich bo‘ladi. Birinchi bosqichda erning ko‘ziga xotini hammadan epchil, pazanda, go‘zal ko‘rinadi. Bu paytda xotinning kamchiliklari ko‘ziga ko‘rinmaydi. Bu uzog‘i bilan ikki yilgacha davom etadi. Undan keyingi bosqichda rafiqasining kichkina kamchiligi ham ko‘ziga ulkan bo‘lib ko‘rinishni boshlaydi. Ba’zan ko‘nglidan “Qaerdan ham shunga uylandim”, degan o‘ylar o‘tadi. Uchinchi bosqichda esa farzandlar ulg‘ayib, tashvishlar ham ko‘paygan bo‘ladi. Bunday paytda o‘y-xayollardan charchagan er uyga kelganda o‘zini chalg‘itish uchun nimagadir qattiq “mehr” qo‘yadi. Bunday paytda ayol ko‘proq erining yonida bo‘lib, dardlariga hamdard bo‘lishi kerak. Baxtli bo‘lish oson emas. Buni tushungan oqila o‘zbek ayoli sabr-matonat bilan bu davr ham ortda qolishni bot-bot turmush o‘rtog‘iga tushuntiradi. Turmush o‘rtog‘i televizor ko‘rayotganda farzandlariga vaqt ajratolmasa, ayol erini bolalariga yaxshi ko‘rsatishni bilishi kerak.
Erimning uyali telefonini tekshiradigan odatim bor. Bu esa turmush o‘rtog‘imga yoqmaydi va doim telefonini ko‘zimdan pana joyga qo‘yishga urinadi. Bu esa meni battar shubhalantiradi...
Gulnora Rizaeva, Xorazm viloyati
Ruhshunos maslahati: Urush-janjal qidiradigan ayollar sirasidan bo‘lmang! Agar siz kuchli va o‘ziga ishongan ayol bo‘lganingizda telefonni tekshirmas edingiz. Kuchli ayolgina eri ming gaplashsa ham, shubhali harakatlar qilsa ham uni tekshirmaydi. Garchi ichidan yonib turgan bo‘lsa ham rashk qilayotganini sezdirmaslikka intiladi. Inson nimani qidirsa, uni albatta, topadi. Masalan, uyda biror buyumni yo‘qotsangiz, izlasangiz topasiz. Mehr qidirsangiz mehr, xiyonat qidirsangiz, og‘ir bo‘lsa-da aytishga majburman, xiyonat topasiz. Siz telefondan nimani qidirayotganingizni aniq bilasiz. Maslahatim, bu odatingizni tashlang. Eringizdan mehr-muhabbatingizni hech qachon ayamang.
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi