Tomdi tuman sudi raisi Aziza Mirzayeva YTHda halok bo‘ldi

Tomdi tuman sudi raisi Aziza Mirzayeva  YTHda halok bo‘ldi
Qisqacha

Navoiy viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha Tomdi tuman sudi raisi Aziza Mirzayeva 15 avgust kuni «Zarafshon–Tomdi» avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan YTHda halok bo‘ldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, u Zarafshon shahridan Tomdi tumani tomon Cobalt avtomashinasida ketayotib, boshqaruvni yo‘qotgan va avtomobil ag‘darilgan. Oliy sud 15 avgust kuni sud tizimi uchun majlis o‘tkazilgani hamda sud raislariga dam olish kuni xizmat joyiga kelish topshirilgani haqidagi xabarlarni rad etdi.

Navoiy viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha Tomdi tuman sudi raisi Aziza Mirzayeva yo‘l-transport hodisasida halok bo‘ldi. Fojiali voqea 15 avgust kuni «Zarafshon–Tomdi» avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati ma’lum qildi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Aziza Mirzayeva Zarafshon shahridagi ish joyidan Tomdi tumani tomon Cobalt avtomashinasida harakatlanayotgan bo‘lgan. Yo‘lda boshqaruvni yo‘qotgan avtomobil harakat qismida chiqib ketib, ag‘darilgan.

Og‘ir tan jarohatlari olgan sud raisi voqea joyida vafot etgan. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, tezlikni me’yordan oshirish hodisa sabablaridan biri bo‘lishi mumkin.

Yo‘l chetida tomi va old oynasi pachoqlangan oq rangli Chevrolet Cobalt avtomobili turibdi.

Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda 15 avgust kuni sud tizimi uchun majlis o‘tkazilgani va sud raislariga unda masofadan turib ishtirok etish topshirilgani haqida ma’lumotlar tarqaldi. Huquq faoli Abdurahmon Tashanov ham o‘z sahifasida ushbu holatga e’tibor qaratgan.

Oliy sud esa mazkur ma’lumotlarni rad etdi. Sud matbuot xizmatiga ko‘ra, 15 avgust kuni Oliy sud tomonidan hech qanday majlis belgilanmagan yoki o‘tkazilmagan. Shuningdek, sud raislarining dam olish kuni xizmat joyiga kelishini talab qiluvchi topshiriq berilmagan.

Oliy sud voqeaning sabablari va boshqa holatlariga huquqiy baho faqat vakolatli organlar tomonidan tekshiruv yakunlari asosida berilishini ta’kidladi. Shu bois marhumaning qayerga va qanday maqsadda yo‘l olgani, shuningdek, YTHning kelib chiqish sabablari haqidagi taxminlarni tasdiqlangan fakt sifatida tarqatishdan tiyilishga chaqirildi.

Ayni paytda hodisa yuzasidan tekshiruv ishlari davom etmoqda. YTHning aniq sabablari vakolatli organlar xulosasidan so‘ng ma’lum bo‘ladi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar