03:46 / 16.06.2017
8 926

Shavkat Mirziyoyev xotin ustiga xotin olish holatlarini tanqid qildi

Shavkat Mirziyoyev xotin ustiga xotin olish holatlarini tanqid qildi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash — davr talabi» mavzusidagi anjumanda so‘zlagan nutqida qo‘shxotinlik bilan bog‘liq holatlarni tanqid ostiga oldi, deb yozmoqda «Daryo» nashri.

«Shu o‘rinda yana bir nozik masala bo‘yicha alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman. Ba’zan hayotda ZAGS, ya’ni Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organidan o‘tmasdan turib, pul evaziga yashirincha shar’iy nikoh o‘qitish, xotin ustiga xotin olish holatlari ham, ming afsuski, uchrab turibdi», — dedi davlat rahbari.

«Bir paytlar hayotning o‘zi rad etgan kundoshlik, qo‘shxotinlik balosi qanday xunuk oqibatlarga olib kelishi barchamizni tashvishga solishi kerak. Atoqli adibimiz Abdulla Qodiriy ‘O‘tkan kunlar’ romanida kundoshlik tufayli butun bir oila boshiga tushgan fojialarni juda ta’sirchan tasvirlab bergani nahotki saboq bo‘lmagan bo‘lsa? Axir, tegishli davlat idorasida qonuniy qayd etilmagan nikohdan tug‘ilgan farzandlarning taqdiri, kelajagi ertaga nima bo‘ladi? Tabiiyki, davlat qonunlari bo‘yicha ular ko‘pgina huquqlardan mahrum bo‘lib qoladi. Xususan, otalikni belgilash, tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnoma olish, meros huquqi, o‘sib-ulg‘ayganidan keyin bog‘chaga, ta’lim muassasalariga qabul qilish masalalarida qanchadan-qancha muammolar paydo bo‘ladi. Eng yomoni, bunday bolalar ruhan majruh bo‘lib, turli ma’naviy nuqsonlar bilan voyaga etadi. Ular o‘zini jamiyatning to‘laqonli a’zosi deb his etolmaydi», — qo‘shimcha qildi Prezident.

Uning ta’kidlashicha, hozirgi kunda ana shunday holatlarga chek qo‘yish maqsadida alohida qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda.

«Hurmatli imom-xatiblar, sizlar Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organidan berilgan hujjatni ko‘rmasdan turib, turli boyvachchalarga shar’iy nikoh o‘qib berayotganingizda mana shunday ishingiz oilalarga qanday baxtsizlik, jamiyatga qanday katta muammo olib kelayotganini loaqal tasavvur qilasizlarmi o‘zi?!», — xitob qildi Shavkat Mirziyoyev.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyev xotin ustiga xotin olish holatlarini tanqid qildi