Kuni kecha universitetdagi kursdoshlarimiz bilan shahrimizdagi “N” restoranida bitiruv oqshomimiz bo‘lib o‘tdi. Ro‘za oyi bo‘lgani uchun uni iftorlik vaqtiga mo‘ljalladik. Bu restoranga ilk bor kelishimiz edi. U juda chiroyli, milliy qiyofada bezatilgan, ozodaligiga-ku gap yo‘q. Narx-navosi ham chakki emas. Jamoa jam deb, mazali taomlardan tatib ko‘rdik, diydor g‘animat deb, kursdoshlar, guruh rahbarimiz bilan maroqli suhbat qurdik. Ushbu kunni kamera, fotoapparat yordamida tarixga muhrlashga ham ulgurdik. Ha, nazarimizda, ushbu kun biz uchun eng unutilmas bo‘lishi, qiziqarli voqealar, lahzalarga boy bo‘lishi kerak edi. Bir soat o‘tar-o‘tmas, murabbiyimiz ketishga chog‘landilar. Biz ular bilan xayrlashdik... Va biroz o‘tgach, guruh rahbarimiz oldinroq ketganidan xursand ham bo‘ldik. Nega deysizmi?
Chunki restoranda, chamasi, 20:30 larda shunday shou o‘tkazildiki, ko‘zlar ham uyat, ham g‘azabdan qizara boshladi. Yigitlarimiz bunday holatni kutmagan chog‘i, qizlarning oldida xijolatli ahvolga tushib qolishdi. Restoran ichkarisidan bir to‘da qizlar yarim-ochiq kiyimda chiqqancha, har yonga “chayqalardi”.
Biz tezroq shou tugashini kutardik
Ammo shou borgan sari avjiga chiqardi. Qizlar yanada ochiq “libos”da chiqib, chunonam raqs tushishardiki, qayerda erkak zotini ko‘rsa, o‘ljaga tashlangan hayvondek, ularga yaqinlashib, pul berishlarini talab etishardi. Ko‘z oldimga ko‘chada tilanchilik qilib, pul olish uchun kishilarning har yonidan o‘tib, tinchlik bermaydigan lo‘lilar keldi. Afsuski, bu ayol niqobidagi “raqqosalar” ulardan ham battar. Ular o‘z tanalarini “reklama” qilishdek jirkanch ish orqasidan kun ko‘radigan tilanchilardir.
Xo‘sh, ro‘za kunlari, nafaqat ro‘za, umuman, boshqa kunlarda ham bunday tomoshalarning o‘tkazilishi to‘g‘rimi? Albatta, bundan restoran rahbariyati manfaatdordir. Ularning nazdida, shu kabi tomoshalar ko‘proq “odam”larni jalb qilsa kerak-da!
Bekorlarning milliontasini aytibdi ular!
Bunday tomoshalarsiz ham kuniga millionlab daromad ko‘rayotgan restoranlar shahrimizning o‘zida qanchadan-qancha. Bir mijozdan o‘rtacha 40 ming daromad keladi deb olsak, kuniga restoranga necha kishi kiradi? Deylik, kuniga o‘rtacha 50-60 nafar. Bu degani kuniga restoranga 2-3 mln atrofida mablag‘ tushadi degani. Albatta, bu daromaddan kunlik xarajatlarni chiqarib tashlash kerak. Xo‘p, ana boring, 1 mln.ni kunlik xarajat sifatida olib tashlaylik. Bu xarajatga mahsulotlar, joy ijarasi (agar joy sotib olinmagan bo‘lsa), ishchilar haqqi va yana mayda xarajatlar kiradi. Oyiga restoranning sof daromadi 30 mln so‘mni tashkil etadi. Restoran kerak bo‘lsa, bundan ham ko‘p foyda ko‘radi. Nahot, shu mablag‘ restoran rahbariyatiga ozlik qilsa?!
Shou “qahramonlari”ning daromadi qancha?
Oddiy aholi oyiga o‘rtacha 800 ming - 1 mln daromad ko‘rayotgan bir vaqtda, restoran rahbariyati million-million pul topib ham, bundan qanoatlanmaydi, ro‘zadorlarning og‘iz ochar vaqti restoranda “sirk” tomoshasini namoyish etadi. Xo‘sh, endi shu shou “qahramonlari”ning daromadini hisoblaylik. Ularning soni 15 ta deb olsak, kuniga ular har bir tashrif buyuruvchidan taxminan 10 mingdan daromad ko‘radi, deylik. Restoranga kelganlar ichida ayollar ham bo‘ladi, albatta, bu “qahramonlar” ularning oldiga bormaydi. Biz erkaklarni hisoblaymiz. Restoranga kelgan erkaklar soni kuniga o‘rtacha 30 ta. Bundan kelib chiqadiki, kuniga shouchilar restoranga 300 ming daromad olib keladi. Oyiga 9 million. Bundan ularning oyligi chiqarib tashlaganda ham, restoran uchun qo‘shimcha 3-4 million ortiqchalik qilmasa kerak. Ammo bu summa hisoblanmasa-da, restoran uchun katta yo‘qotish bo‘lmasligi kundek ravshan.
Nega hamma jim?
Restoranga ilk bor tashrif buyurgan kishi, bunday holatdan bexabar bo‘lishi mumkin. Ammo tez-tez keluvchi odamlar-chi? Nega ular bunday holatga befarq qarashmoqda? Demak, ularga bunday holat yoqadi.
Masalaning yana bir tomoni: bunday shoular bo‘yicha huquq-tartibot organlarining xabari bormi? Ular ham shoudan manfaatdormasmikan? Axir ularning bu sukutlari ortida mo‘maygina pul turgan bo‘lishi mumkin-ku. “Egan og‘iz uyalar” deganlaridek, shu narsagina ularning qo‘llaridan mahkam tutib turgan bo‘lsa, ajab emas.
Gapning indallosini aytganda...
Bunday joylarga o‘zini hurmat qilgan inson ikkinchi bor tashrif buyurmaydi. Shunday bo‘lsa-da, biz shu va shu kabi restoranlardagi behayo shoularning ko‘rsatilishiga qarshi kurash olib borishimiz kerak. Restoran rahbariyati esa bundan xulosa chiqarib, yarim soatlik “tomoshasi”dan voz kechadi, deb o‘ylaymiz. Yo‘qsa, restoran foydadan zararga kirib, yopilib ketishi hech gap emas. Axir, shahrimizda o‘zini hurmat qilgan kishilar juda ko‘p!
Manba: Qalampir.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Xatolar va mag‘lubiyatlar... ular kechiriladimi?
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi