Uchtepadagi yong‘in: xonadonga qasddan o‘t qo‘yish alomatlari aniqlandi

Toshkent shahrining Uchtepa tumanida ayol halok bo‘lgan xonadon yong‘ini yuzasidan qasddan o‘t qo‘yish alomatlari aniqlangan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 2026 yil 24 oktyabr kuni soat 02:00 lar atrofida tumandagi xonadonlardan birida yong‘in sodir bo‘lgan. Hodisa joyidan 2000 yilda tug‘ilgan ayolning jasadi topilgan. Shuningdek, uning yelkasidan son qismigacha bo‘lgan joylarida termik jarohatlar aniqlangan.
Hodisa joyi ko‘zdan kechirilganda oshxona, yotoqxona va mehmonxonada bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan uchta yong‘in o‘chog‘i borligi ma’lum bo‘lgan. Bundan tashqari, xonadonga qasddan o‘t qo‘yilgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatuvchi alomatlar qayd etilgan.
Mazkur holat yuzasidan 24 oktyabr kuni Uchtepa tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi, ya’ni qasddan odam o‘ldirish moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergov yakunlariga ko‘ra, qonuniy qaror qabul qilinishi va voqea tafsilotlari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilishi bildirilgan.































Izohlar 0
…